Janubiy Koreyada noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar deport qilinadimi?
Ulardan mamlakatdan chiqib ketishlari so‘ralgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Janubiy Koreyada noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni 29 fevralgacha mamlakatdan chiqib ketishga chaqirdi.
Ixtiyoriy ariza to‘ldirishga ruxsat berildi
Agentlik murojaatiga ko‘ra, Janubiy Koreyada noqonuniy bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari 2024-yil 29-fevralgacha ushbu davlatdan chiqib ketishi mumkin. Buning uchun chiqib ketishdan 3 ish kuni oldin Immigratsiya xizmatiga borib, ketish to‘g‘risida ixtiyoriy ariza to‘ldirish, pasport va aviachipta taqdim etish zarur.
Deport qilinadimi?
Shuningdek, immigratsiya xizmati ma’lum qilishicha, noqonuniy bo‘lib turgan fuqaro ushbu imkoniyatdan foydalanib, o‘z xohishi bilan chiqib ketsa, deportatsiya qilinmaydi va kelgusida Janubiy Koreyaga qayta kirib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qaytishda hech qanday muammo bo‘lmaydi
Agentlik o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreya migratsiya qonunlarini buzmaslikka va nolegal holatga o‘tmaslikka chaqirgan. Shu bilan birga, immigratsiya xizmati beradigan tasdiqnoma bilan mamlakatdagi o‘zbekistonliklarning vataniga qaytib kelishda hech qanday muammo bo‘lmasligi aytilmoqda.



