Juma, 23-oktabr, 2026
Havo 73 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +19° kechasi +8°

So‘rovnoma: O‘zbekistonliklarning huquqiy savodxonlik darajasi past

Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot natijalari mamlakat aholisining huquqiy savodxonligi va Konstitutsiyaga munosabati borasida muayyan muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, aholining atigi 33,3 foizi o‘z huquqiy bilimlarini yuqori darajada deb baholagan.

2 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma: O‘zbekistonliklarning huquqiy savodxonlik darajasi past

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatning asosiy qonuni sifatida suverenitet, demokratiya va inson huquqlarining kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Ammo yaqinda “Ijtimoiy fikr” instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari mamlakat aholisining huquqiy savodxonligi va Konstitutsiyaga munosabati borasida muayyan muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Konstitutsiya va islohotlarning yangi bosqichi

2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlat boshqaruvi va huquqiy tizimni modernizatsiya qilishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu islohotlar inson huquqlari va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Konstitutsiyaga kiritilgan asosiy yangiliklardan biri shundaki, u O‘zbekistonni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida belgilaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyani “xalqchil qomus” deb atar ekan, uni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi islohotlarning huquqiy kafolati deb ta’rifladi. Biroq fuqarolarning ushbu hujjatni bilish darajasi va undan foydalanish qobiliyati haqida savollar ochiq qolmoqda.

Mamlakatda huquqiy savodxonlik darajasi

Tadqiqot natijalaridan ma’lum boʻlishicha,aholining atigi 33,3% qismi o‘z huquqiy bilimlarini yuqori darajada deb baholagan. 26,6% fuqarolar esa bilim darajasini “o‘rtacha” deb hisoblaydi. Tashvishlanarlisi, qolgan qismi Konstitutsiya bo‘yicha ma’lumotga ega emasligini ochiq tan olgan.

Bu esa mamlakatda huquqiy savodxonlik darajasining yetarli emasligini, ayniqsa qishloq va chekka hududlarda fuqarolarning asosiy qonunni bilishi va undan foydalana olishiga e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda. 

O‘zbekistonliklar uchun Konstitutsiya nima?

Fuqarolarning 87,3% qismi Konstitutsiyani milliy iftixor va tarixiy yutuq ramzi deb biladi. Shu bilan birga, 77,5% respondentlar bu hujjatni davlat boshqaruvining asosiy tamoyillarini belgilovchi eng muhim hujjat sifatida ta’riflagan. 78,9% ishtirokchilar Konstitutsiyani fuqarolik huquqlarini kafolatlovchi manba deb tan olgan.

O‘tkazilgan so‘rov natijalarida, aholining katta qismi Konstitutsiyaga huquqiy himoya manbai sifatida ishonishini bildirgan. Shunga qaramay, qonunlarni bilish va huquqiy mexanizmlardan samarali foydalanish imkoniyatlari ko‘p fuqarolar uchun cheklangan.

Bu borada huquqiy savodxonlikni oshirish va davlat organlari bilan aholi o‘rtasidagi huquqiy muloqotni yaxshilash muhimdir.