Endilikda jonli ijroda konsert o‘tkazgan san’atkorlarga imtiyoz beriladi
Oʻz konsert dasturlarini jonli ijro usulida amalga oshiruvchi xonandalar, sozandalar va boshqa ijrochilar faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vakolati Madaniyat vazirligiga beriladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Bugungi kunda jonli ijro san’ati rivojlanishini izchil davom ettirish, aholining jonli ijroga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ularning iste’molchilar sifatidagi huquqlarini himoya qilish hamda jonli ijroni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini joriy qilish zarurati yuzaga kelayotgan edi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuxrat Sharofutdinov ma’lum qildi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro san’atini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun jonli ijroni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu qonun jonli ijroni targ‘ib qilish hamda jonli ijro etish orqali milliy san’at va madaniyatning nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan san’atkorlar, ijodkorlar hamda ijrochilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Vakolat Madaniyat vazirligiga beriladi
Mazkur hujjat bilan Madaniyat vazirligining sohadagi vakolatlari “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali kengaytirilmoqda. Jumladan, jonli ijrochilarning reyestrini yuritish, musiqa san’atini har tomonlama rivojlantirish, konsert-tomosha tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, ijrochilarga o‘z salohiyatini to‘laqonli namoyish etishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida o‘z konsert dasturlarini jonli ijro usulida amalga oshiruvchi xonandalar, sozandalar va boshqa ijrochilar faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vakolati belgilanyapti.
Imtiyozlar nimadan iborat?
Madaniyat vazirligiga bunday vakolatning berilishi san’atkor, ijodkor hamda ijrochilarning davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan chegirmalar berish yoki ularning konsert dasturlarini tashkillashtirishda imtiyozlar berish va boshqa shu kabi rag‘batlantirish choralarini amalga oshirish imkonini beradi.



