$
 12929.92
-20.11
 13496.25
-9.34
 146.25
3.72
weather
+26
Кечаси   +14°
Agro

Navoiydagi 31 ta kon xitoyliklarga sotilgani rostmi?

Kon

“Yer qa’ridan foydalanish markazi” Navoiydagi 31 ta kon xitoyliklarga sotilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Fevral oyida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun 31 ta yer qa’ri uchastkalari “E-auksion” savdo platformasi orqali 25,1 mlrd. so‘mga sotilgan. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasiga muvofiq faqat O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik shaxslarga yoki O‘zbekiston fuqarolariga beriladi.

12 ta MChJ g‘olib deb topilgan

Shu talabdan kelib chiqib elektron savdolarda O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik maqomga ega 12 ta MChJ g‘olib deb topildi. Ularning ayrimlari to‘liq O‘zbekiston fuqarolariga tegishli, ayrim MChJ ta’sischilarining o‘rtacha 70 foizi O‘zbekiston fuqarolari, faqat xorijiy davlat, jumladan Xitoy fuqarolariga to‘liq tegishli bo‘lgan birorta ham MChJ bunda g‘olib ham chiqqani yo‘q, deyiladi munosabatda.

Misol uchun, g‘olib deb topilgan tadbirkorlik subyektlaridan “Xinlong Mining Drilling” MChJ asosiy ta’sischisi (70 foiz) va “Zhonghuitong Mining” MChJ asosiy ta’sischisi (97,6 foiz) O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi.

3 yillik ruxsatnoma

Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnomalar 3 yilga beriladi. U yerga egalik huquqini nazarda tutmaydi. Tadbirkorlar faqatgina yer qa’ridan foydali qazilmani olish, qazib olish ishlari jarayonida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish va ularni kelgusida foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyatini oladi.

Ruxsatnomaga egalarga davlat tomonidan bir qator majburiyatlar yuklatilgan. Unda ruxsatnomaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar ishchi-xodimlarining 70 foizi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi lozimligi aniq belgilangan.

Qazib olish tavakkalchilikka asoslangan tadbirkorlik

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida olib boriladigan faoliyat bo‘lib, bu uchastkalarni sanoat miqyosida qazib olish ishlarini amalga oshirish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi, deyiladi munosabatda.

Shu sababdan bunday yer uchastkalari tadbirkorlarga shaffoflikni ta’minlagan holda daromad olish uchun sotiladi. Sotilgan yer qa’ri uchastkalarida faoliyat olib borayotgan mahalliy yoki xorijiy investorlar sohaga yangi texnologiyalar, uskunalar kiritadi, yangi ish o‘rinlarini yaratadi.

Qimmatbaho metallar sotuvining 49,5 foizi mahalliy byudjetga yo‘naltiriladi

Tadbirkorlar tomonidan realizatsiya qilingan qimmatbaho metallar sotuvining 49,5 foizi yer qa’ri uchastkasi joylashgan mahalliy byudjetga yo‘naltiriladi hamda hududlarni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bugungi globallashuv davrida, Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlash mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyotiga erishishida, eksportni rivojlanishida, iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda, tranzit yo‘llarni kengaytirish va diversifikatsiya qilishda muhim drayver hisoblanadi, deya xulosa qildi “Yer qa’ridan foydalanish markazi”.

Теги :
Jamiyat