$
 12075.98
63.77
 13800.43
69.27
 157.32
-0.82
weather
+26
Кечаси   +14°

Yiliga 1 million tonna po‘lat: Prezident Bekobodda yangi majmuani ishga tushirdi

kombinat

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi davomida O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirish marosimida qatnashdi. Davlat rahbari kombinat jamoasi, mehnat faxriylari va xorijiy hamkorlarni ushbu muhim voqea bilan tabrikladi.

Xo‘sh, bu loyiha O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

Metallurgiya sanoati yangi bosqichga chiqmoqda

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda kon-metallurgiya sohasini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan o‘n yilda sohaga qariyb 2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 31 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Xususiy sektorga yaratilgan imkoniyatlar tufayli tarmoqdagi korxonalar soni 150 tadan oshdi. Mahalliy metall mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yiliga 3 million tonnaga, qiymati esa 23 trillion so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun, 2016-yilda atigi 800 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilgan va uning qiymati 1,5 trillion so‘mni tashkil etgan edi. Bugungi kunda metallurgiya faqat qurilish uchun emas, balki mashinasozlik, elektrotexnika, mudofaa sanoati va energetika kabi yo‘nalishlar uchun ham 80 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarmoqda. Prezident metallurglarning mehnati Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini yaratishda va iqtisodiyot rivojida muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

Yangi majmua yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqaradi

Davlat rahbari mamlakat iqtisodiyotini texnologik va innovatsion rivojlantirish orqali 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotni 240 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilganini eslatdi. Kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 180 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurish rejalashtirilgan. Bunday yirik loyihalar metall mahsulotlariga bo‘lgan talabni hozirgidan 1,5 barobar oshiradi. Shu bois 5,5 ming nafardan ortiq xodim ishlaydigan O‘zbekiston metallurgiya kombinatining ahamiyati yanada ortmoqda. Yangi Quyuv-prokatlash majmuasi energiya tejamkor texnologiyalar va raqamli boshqaruv tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, mehnat unumdorligi hamda mahsulot sifatini sezilarli darajada oshiradi. Eng muhimi, bu O‘zbekistonda issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqaradigan ilk loyiha bo‘ldi. Endilikda bu yerda yiliga 8 trillion so‘mlik 1 million tonna issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqariladi. Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining bunday mahsulotga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplanadi. Loyiha ishga tushishi natijasida yana 1 ming 200 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi. Prezident ushbu majmuani barpo etishda qatnashgan barcha quruvchilar, muhandislar, texnologlar, ishchilar va xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Yangi konlar, zavodlar va yuzlab ish o‘rinlari yaratiladi

Marosim davomida kombinatni rivojlantirishning navbatdagi bosqichlari ham e’lon qilindi. Asosiy vazifalardan biri korxonani mahalliy xomashyo bilan to‘liq ta’minlash ekani qayd etildi. O‘zbekistonda 1,5 milliard tonna temir rudasi zaxirasi mavjud bo‘lib, yaqin uch-to‘rt yil ichida “Tebinbuloq” koni ishga tushiriladi va yiliga yana 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. “Surun-ota” konidan olinadigan rudani boyitish orqali yiliga 600 ming tonna temir xomashyosi ishlab chiqariladi. Uni qayta ishlash uchun qiymati 180 million dollarlik zamonaviy metallurgiya zavodi qurilishi boshlanadi. Kelgusi uch yilda 30 million dollar investitsiya evaziga po‘lat sharlar ishlab chiqarish quvvati 250 ming tonnadan 500 ming tonnagacha oshiriladi. Kombinat hududida “O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki” ham tashkil etiladi. Joriy yilning o‘zida bu yerda umumiy qiymati 70 million dollarlik 6 ta loyiha amalga oshirilib, katta diametrli quvurlar, ko‘tarma kranlar va filtrlash uskunalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.


Теги :
Jamiyat