$
 12013.52
-10.88
 13649.76
6.88
 159.95
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

Isroil va Livan o‘rtasida yangi kelishuv: Bu urushning oxirimi yoki kichik muddatli tanaffus?

Livan

Yaqin Sharqda uzoq davom etgan urushdan keyin Isroil va Livan nihoyat muzokara stoliga o‘tirdi. AQSh vositachiligida Vashingtonda imzolangan kelishuv Isroil va Eron qo‘llab-quvvatlaydigan “Hizbulloh” guruhi o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatishga qaratilgan. Bu voqea muhim qadam sifatida baholanayotgan bo‘lsa-da, tomonlarning bayonotlari hali ham barcha masalalar hal bo‘lmaganini ko‘rsatmoqda. Ayrim hududlarda harbiylar hanuz shay holatda, “Hizbulloh” esa qurolini topshirishni rad etmoqda.

Xo‘sh, bu kelishuv urushni chindan ham tugata oladimi?

AQSh vositachiligida tarixiy kelishuv imzolandi

Kelishuv 26-iyun kuni Vashingtonda Isroil va Livanning AQShdagi elchilari tomonidan imzolandi. Marosim AQSh Davlat departamentida o‘tkazildi, biroq muzokaralarning barcha tafsilotlari oshkor qilinmadi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio bu hujjatni oson bo‘lmagan, ammo juda muhim qadam deb atadi. Uning aytishicha, endi AQSh kelishuvning bajarilishini nazorat qilish uchun Livan bo‘yicha maxsus uch tomonlama harbiy muvofiqlashtirish guruhini tuzadi. Bundan tashqari, BMT bilan birgalikda Livanga gumanitar yordam sifatida zudlik bilan 100 million dollar ajratiladi. Livan armiyasini kuchaytirish uchun esa yana 30 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Livan elchisi Nada Moavad bu kelishuv mamlakat suverenitetini tiklash yo‘lidagi ilk qadam ekanini aytdi. Isroil elchisi Yehiel Layter esa Eron va “Hizbulloh”ning ta’siri kamayganini aytib, endi Isroil va Livan o‘rtasida tinchlik sari yo‘l ochilganini ta’kidladi.

Ayrim hududlardan Isroil qo‘shinlari chiqib ketadi

Kelishuvga ko‘ra, Livan armiyasi mamlakat janubidagi ayrim hududlarni o‘z nazoratiga ola boshlaydi. Dastlab buning uchun ikkita tajriba hududi tanlangan. Isroil urush vaqtida egallab olgan shu hududlardan bosqichma-bosqich chiqib ketishi rejalashtirilgan.

Isroil bu hududlarni o‘z chegaralarini “Hizbulloh” hujumlaridan himoya qiluvchi xavfsizlik zonasi deb hisoblaydi. Livan prezidenti Jozef Aun esa mazkur kelishuv minglab odamlarning o‘z uylariga qaytishi va vayron bo‘lgan hududlarni qayta tiklash imkonini berishini bildirdi.

Biroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu muhim shartni ham eslatdi. Uning aytishicha, agar “Hizbulloh” qurolsizlanmasa, Isroil armiyasi Livan janubidagi ayrim hududlarni tark etmaydi va u yerdagi harbiy ishtirokini davom ettiradi.

Kelishuv imzolandi, ammo harbiylar hali ham jim turgani yo‘q

Isroil va “Hizbulloh” avvalroq o‘t ochishni to‘xtatishga kelishgan edi. Ammo amalda vaziyat hali ham keskinligicha qolmoqda. Isroil qo‘shinlari Livan janubida qolyapti, ayrim hududlarda esa vaqti-vaqti bilan qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Kelishuv imzolangan kunning o‘zida Isroil harbiylari nazorat qilayotgan hudud yaqinida “Hizbulloh”ning yetti nafar a’zosi yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

Isroil tomoni Livan armiyasi “Hizbulloh”ni qurolsizlantirishni qanchalik tez amalga oshirsa, shunchalik tez yangi hududlar bo‘shatilishini va xalqaro tan olingan xavfsiz chegaralarni belgilash jarayoni boshlanishini aytmoqda.

Ammo “Hizbulloh” bu talabni qabul qilmayapti. Guruh deputati Hasan Fadlalloh qurollarni topshirish haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini, har qanday bosimga qarshi turishlarini ma’lum qildi.

Urush minglab odamlarning hayotini izdan chiqardi

Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi keng ko‘lamli urush 2-mart kuni AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan bir necha kun o‘tib boshlangan edi. Shundan so‘ng ikki tomon o‘rtasidagi janglar tobora kuchaydi.

Urush oqibatida Livanda 4 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Bir milliondan ziyod aholi uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Ko‘plab shahar va qishloqlar jiddiy zarar ko‘rdi.

Kelishuv imzolangan kunning o‘zida ham Isroil armiyasi Livan janubidagi Mansuri shaharchasiga varaqalar tashlab, aholini hududni tark etishga chaqirdi. Bu o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyingi ilk shunday ogohlantirish bo‘ldi.

Livan harbiylari Isroil yaqinda Mansurini o‘z nazorat hududiga qo‘shganini ma’lum qildi. Isroil esa bu ogohlantirish faqat tinch aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida berilganini bildirdi. Endi esa butun dunyo bu kelishuv amalda qanday ishlashini kuzatmoqda.

Теги :
Jamiyat