$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Uchinchi yildirki jamoani qurishda davom etyapmiz — Srechko Katanes

Katanes

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes Jahon chempionati-2026 va Osiyo kubogi-2027 qo‘shma saralash bosqichi doirasidagi Gonkongga qarshi muhim uchrashuvlar oldidan OFC rasmiy saytiga intervyu berdi. 

Yangiliklardan qochish sababi

Srechko Katanes intervyu avvalidagi savolga Jahon chempionatining saralash uchrashuvlariga yosh, tajribasiz va yangi futbolchilarni jalb etib, ularni o‘yin uslubiga moslashtirish uchun vaqt yo‘qligini, chunki bu juda murakkabligini ta’kidlagan. Bunday muhim bahslar oldidan jamoa uni kelajakda nimalar kutayotganini bilishi zarur. Murabbiy uzoq parvozlar va qisqa vaqt davomida yetarli darajada mashg‘ulot o‘tkazmagan holda mezbon jamoaga qarshi bahs olib borish, so‘ng parvoz va bir necha kundan so‘ng yana o‘yin o‘tkazish oson bo‘lmasligini aytgan. 

Futbolchilarning vaziyati haqida

U milliy jamoa sardori va Italiyaning "Kalyari" klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Osiyo kubogida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilgan jarohatidan forig‘ bo‘lib, yana safga qaytgani, Italiya A Seriyasining 28-turidan o‘rin olgan "Salernitana"ga (4:2) qarshi bahsda dubl muallifiga aylangani va jamoasining muhim g‘alabasiga hissa qo‘shganini eslab, shuningdek, Hojiakbar Alijonov bilan bog‘liq vaziyatni ham yodga oldi: "Alijonov Osiyo kubogigacha bizning eng yaxshi futbolchilarimizdan biri edi, u oxirgi bir qancha uchrashuvlarda ajoyib o‘yin ko‘rsatdi, so‘ng jarohati sababli maydonga tusha olmadi va hozir ham tarkibda emas. Shomurodov safga qaytdi, ammo biz uning jismoniy holatiga e’tibor qaratishimiz kerak".

Jamoa qurilishda davom etmoqda

O‘zbekiston milliy jamoasi JCH-2026 va Osiyo kubogi-2027 saralash bosqichi doirasida Turkmanistonni 3:1 hisobida mag‘lub etib, Eron bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi va 4 ochko bilan "E" guruhida 2-o‘rinni egallab turibdi. Shunday bo'lishiga qaramay, bosh murabbiy futbolchilar "Mong Kok" stadionida o‘tkazilishi kutilayotgan Gonkongga qarshi uchrashuvda raqibni jiddiy qabul qilishlari kerakligi to‘g‘risida fikr bildirib o‘tgan: "Biz maydonda borimizni berishimiz kerak. Gonkong Osiyo kubogida muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan bo‘lishi mumkin, ammo ular avvalgi uchrashuvlarga qaraganda yangilangan tarkibga ega bo‘lishlari aniq. Demak, bu bahs oson bo‘lmaydi. Futbolchilarni o‘yinga jiddiy yondashish kerakligiga ishontirish — mening vazifam. Ha, biz raqibga qaraganda ustundek ko‘rinishimiz mumkin, lekin uchrashuvga tayyor bo‘lmasangiz, futbol sizga kutilmagan syurprizlarni taqdim etishi mumkin. Agar oldindagi ikki o‘yinda g‘alaba qozonsak, katta ehtimol bilan, keyingi bosqich masalasini ijobiy hal etgan bo‘lamiz. Uchinchi yildirki jamoani qurishda davom etyapmiz. Biz Osiyo kubogida eng yaxshi hujumchisi musobaqada ishtirok etmagan yagona jamoa edik. Agar Shomurodov safda bo‘lganida uning eng kamida 4-5 ta gol urishiga ishonchim komil edi".

Futbolchilarning ruhiy holati

Srechko Katanes shu vaqtga qadar ham Osiyoda muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan va BAA (2009-2011) hamda Iroq milliy jamoalarini (2018-2021) boshqargan. Uning fikricha, O‘zbekiston Osiyoning eng kuchli jamoalariga munosib raqib bo‘la oladigan va, ehtimol, o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatiga chiqishga qodir bo‘lgan jamoaga aylandi. "Eng katta o‘zgarish shuki, jamoa avvalgiga qaraganda umuman boshqa uslubda o‘ynamoqda. Men ba’zi futbolchilarni mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishlari kerakligiga ishontirdim. Ularda o‘zlariga bo‘lgan ishonch ruhi oshgan. Shu sababli, har qanday jamoaga qarshi bahsda yaratilgan imkoniyatlarning aksariyatidan unumli foydalanmoqdamiz. Biroq himoyaviy o‘yin ko‘rsatadigan jamoalarga qarshi muammolarimiz bor. Futbolchilar men nimani istayotganimni yaxshi tushunishadi, bu juda muhim, chunki ular bilan har kuni ham birga ishlay olmayman va milliy jamoaga jalb etilganlarida, ulardan nima talab qilinayotganini bilishlari muvaffaqiyat sari katta qadamdir", – degan murabbiy.