Garri Kasparov terrorchi va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritildi
Shaxmat bo‘yicha sobiq jahon chempioni hamda sun'iy intellekt magʻlub qilgan ilk insonga qarshi terrorizm moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Shaxmat bo‘yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparov Rossiyada terrorchi va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritildi.
Jinoyat ishi ochilgan
"Ozod Rossiya" forumi hammuassisi va muxolifatchi Garri Kasparov “Rosfinmonitoring”ning terrorchi va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritildi. Reyestr ma’lumotiga muvofiq, unga qarshi terrorizm moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Ishga doir boshqa tafsilotlar ochiqlangani haqida hozircha ma'lumotlar mavjud emas.
Rossiya IIV munosabati
O‘tgan yil oxirida Rossiya Ichki ishlar vazirligi Ukraina tarafida turib jang qilayotgan rossiyalik ko‘ngillilarni dastaklash uchun auksion o‘tkazgan Garri Kasparov va uning safdoshi Ivan Tyutrin xatti-harakatlarida “jinoyat unsuri”ni topgandi. Vazirlik Kasparov va Tyutrinni “istalmagan tashkilot faoliyatida ishtirok etganlik”da ayblagan. Avvalroq "Ozod Rossiya" forumi ana shunday “istalmagan tashkilot” o‘laroq tan olingan edi.
Yangi avlod uchun: Kasparov kim o'zi?
Ma'lumot uchun, Kasparov Garri Kimovich — shaxmatchi, xalqaro grossmeyster (1980), xizmat koʻrsatgan sport ustasi (1985), jahonning 13-chempioni (1985—2000), Jahon shaxmat olimpiadasining 7 karra chempioni (1980, 1982, 1986, 1988, 1992, 1994, 1996). Bundan tashqari u shaxmat "Oskari"ning ham 7 karra sovrindori (1982, 1983, 1985— 1988, 1995, 1996, 1999) va Jahon Kubogi egasi (1989). To'g'ri, uni bugungi avlod yaxshi tanimaydi, ammo u eski avlod uchun yaxshigina taniqli shaxs hisoblanadi.
Sun’iy intellektning insoniyat ustidan qozongan ilk g‘alabasi
Yaxshi bilasiz, hozirda shaxmat dasturlarini yengish uchun insonda hech qanday imkoniyat yo‘q — faqatgina qiyinlik darajasini o‘zgartirgan holda g‘olib bo‘lish mumkin. 1994-yil 31-avgustda Garri Kasparov “Pentium Genius” dasturiga imkoniyatni boy beradi. Bu sun’iy intellektning klassik shaxmatda (vaqt chegarasiz) insoniyat ustidan qozongan ilk g‘alabasi bo‘lgandi. Mag‘lubiyatdan so‘ng Kasparov uyida ushbu dastur bilan o‘n partiyaning yettitasida g‘alaba qozonishini aytib o‘tadi. Lekin o'shanda butun dunyo yaqin orada shaxmat kompyuterlari yengib bo‘lmas holatga kelishini tushunib yetgan. 1997-yil esa burilish nuqtasiga aylandi — Garri Kasparov yana mag‘lub bo‘ldi. Bu safar “Deep Blue” kompyuteriga.



