$
 12013.52
-10.88
 13649.76
6.88
 159.95
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

“Ertaga o‘yin boshqacha bo‘ladi”: Kannavaro ertangi o‘yin oldi fikrlarini bildirdi

Kannavaro va Shomurodov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichidagi o‘z yurishini yakunlovchi o‘yinni Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur uchrashuv arafasida Atlanta shahridagi mashhur “Mercedes-Benz” stadionida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda milliy jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaro hamda jamoa sardori Eldor Shomurodov ishtirok etib, bo‘lajak to‘qnashuv borasidagi o‘z munosabatlari va tayyorgarlik jarayonlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

22 nafar futbolchi mundialda debyut qildi

Italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro boshqaruvidagi O‘zbekiston vakillari mazkur nufuzli turnirda tarkibni keng miqyosda rotatsiya qilish yo‘lidan bormoqda. Buni dastlabki ikki tur doirasida Kolumbiya hamda Portugaliya terma jamoalariga qarshi kechgan uchrashuvlarda jami 22 nafar o‘yinchining yashil maydonga tushirilganida ham ko‘rish mumkin. Hozirgi vaqtga kelib tarkibdan faqatgina to‘rt nafar futbolchi — uchinchi darvozabon sifatida qayd etilgan Botirali Ergashev, himoya chizig‘i vakillari Avazbek O‘lmasaliyev va Umar Eshmurodov hamda yarim himoyachi Jamshid Iskanderov jahon birinchiligida debyut qilish imkoniyatiga ega bo‘lmadi, xolos.

Ayniqsa, jamoaning darvoza chizig‘ida amalga oshirilgan kutilmagan o‘zgarishlar ko‘plab futbol mutaxassislari va ishqibozlar o‘rtasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Dastlabki o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushib, ajoyib harakatlari bilan ajralib turgan darvozabon O‘tkir Yusupov keyingi bahsda zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Bosh murabbiy Kannavaro ushbu holatni jamoa ixtiyorida bir-biridan qolishmaydigan uchta yuqori saviyali posbon mavjudligi hamda har bir futbolchiga Jahon chempionati kabi yirik musobaqaning bebaho tajribasini taqdim etish niyati bilan izohladi. Xususan, Abduvohid Ne’matovning asosiy tarkib egasiga aylanishi uning turniroldi o‘rtoqlik uchrashuvlarida namoyish etgan ishonchli o‘yini samarasidir. Italiyalik mutaxassis bo‘lajak raqib — Kongo DR jamoasiga qarshi kechadigan o‘yin oldingi ikki bellashuvdan butunlay farq qilishini alohida ta’kidladi.

Fabio Kannavaro: “Bu turnirda jamoa sifatida o‘sishimiz mumkin”

Bosh murabbiy Fabio Kannavaro matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirarkan, raqib jamoaning imkoniyatlarini yuqori baholadi va turnir davomida jamoada shakllangan muhit haqida gapirdi:

Kongo ham juda ajoyib jamoa, tajribaga ega, jismoniy yaxshi shakllangan jamoa. Biroq biz ularni yutish uchun harakat qilamiz. Ertaga o‘yin boshqacha bo‘ladi, chunki biz ikkita eng yuqori darajadagi raqiblar bilan o‘ynab bo‘ldik. Oxirgi o‘yin ham oson kechmadi, uni tahlil qildik.

Birinchi bahsda Yusupov yaxshi oʻyin koʻrsatdi. Biz shunchaki boshqa darvozabonimizga ham imkoniyat berishni xohladik. Bizda yuqori darajadagi 3 ta darvozabonimiz bor. Men barchaga imkoniyat berishga harakat qilyapman, chunki bu juda ham muhim tajriba hisoblanadi.

Biz Jahon chempionatida juda koʻp narsani oʻrganmoqdamiz. Biz jamoa sifatida oʻsishimiz mumkin bu turnirda. Chunki yuqori darajadagi raqiblarga qarshi oʻynab keldik. Ertangi bahs ham bizni rivojlanishimizga xizmat qiladi. Men ilk kunlardanoq futbolchilarga nisbatan bosimni yoʻqotishga harakat qilganman. Qur’adan keyin ham bosimsiz oʻynash kerakligini aytdim.

Mamlakatda bolalar futboli, akademiyalar va yoshlarga alohida e’tibor beriladi. Shu sababli Oʻzbekiston ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etmoqda.

Albatta, ertaga avvalgi oʻyinlarga nisbatan erkinroq bahs boʻladi. Chunki avvalgi 2 ta turda biz juda kuchli raqiblar bilan oʻynadik. Shu sababli ertangi oʻyin biz uchun boshqacha boʻladi.

Men murabbiy sifatida oʻyin sifatini oshirishga, futbolchilarga yordam berishishga harakat qilaman. Ertaga qoʻlimizdan kelgan barcha imkoniyatni amalga oshirib, gʻalaba qozonishga harakat qilamiz.

Eldor Shomurodov: “Asosiy maqsadimiz — xalqimizni xursand qilish”

Terma jamoa yetakchisi va sardori Eldor Shomurodov ham o‘z navbatida bo‘lajak uchrashuv oldidan futbolchilarning kayfiyati va asosiy vazifalari haqida gapirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, butun jamoaning bosh maqsadi — ularni har qanday holatda ham tinimsiz qo‘llab-quvvatlab kelayotgan o‘zbek xalqiga quvonch ulashishdan iborat. Turnirdagi debyut golini urib bo‘lgan milliy jamoa uchun endigi navbatdagi maqsad — tarixiy ilk g‘alabani qo‘lga kiritish hisoblanadi.

“Asosiy maqsadimiz bizni qoʻllab turgan xalqimizni xursand qilish. Birinchi golimizni urdik, endi vazifamiz birinchi gʻalabaga erishish.

Himoyani ham unutmasligimiz kerak, gol urishga intilib orqani unutamiz, degani emas. Birinchi navbatda gʻalabaga erishish muhim. Asosiy maqsad tartibli oʻyin namoyish etib, gʻalabaga erishish.

Muxlislarimiz kuch berib turdi, nafaqat stadiondagi balki Oʻzbekistondagi ishqibozlarimizning ham qoʻllab-quvvatlab turishlarini his qildik. Ularga albatta minnatdorchilik bildiramiz va ularni keyingi oʻyinda xursand qilishga harakat qilamiz”, — dedi jamoa sardori.

Pley-off yo‘lidagi murakkab vazifa

Turnir jadvalining ayni paytdagi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi “K” guruhida o‘tkazilgan ikki o‘yindan so‘ng biror bir ochko jamg‘ara olmagan holda so‘nggi pog‘onani egallab turibdi. Guruhda dastlabki ikki o‘rinni band etgan Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalari peshqadamlikni o‘z qo‘llarida ushlab turishibdi.

Vakillarimiz keyingi — pley-off bosqichiga yo‘llanma olishlari uchun guruhning so‘nggi turida o‘ta og‘ir va murakkab vazifani bajarishlariga to‘g‘ri keladi. Buning uchun O‘zbekiston terma jamoasi Kongo DR jamoasini kamida 6 ta to‘p farqi bilan mutlaqo mag‘lub etishi shart bo‘ladi. Kongo terma jamoasiga esa guruhdan chiqish uchun har qanday hisobdagi g‘alaba kifoya qilishi vaziyatni yanada jiddiylashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, barcha masalalarga oydinlik kiritib beruvchi ushbu muhim uchrashuv 28-iyun kuni Toshkent vaqti bilan tonggi soat 04:30 da start oladi.

Теги :
Jamiyat