$
 12054.03
18.81
 13932.05
16.93
 167.05
-0.9
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston uchun tarixiy imkoniyat: Yangi format “Oq bo‘rilar”ga yordam beradimi?

jch

2026-yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston tarixda ilk bor ishtirok etadi. Qur’a natijasiga ko‘ra, terma jamoamiz Portugaliya, Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublikasi bilan bir guruhdan joy oldi. Mutaxassislar va bukmekerlar nazarida guruhning asosiy favoriti Portugaliya bo‘lsa, Kolumbiya ham jiddiy da’vogar sifatida ko‘rilmoqda. O‘zbekiston va Kongo DR esa autsayderlar qatorida tilga olinayotgan bo‘lsa-da, yangi format sabab ularning imkoniyatlari hali ham saqlanib qolmoqda. Chunki bu safar mundialda 48 ta jamoa qatnashadi va eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari ham pley-offga yo‘l oladi.

Xo‘sh, O‘zbekiston o‘z tarixdagi ilk Jahon chempionatidayoq sensatsiya yaratib, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladimi?

Portugaliya guruhda hammadan oldinda

Bukmekerlar Portugaliyaning guruhda birinchi o‘rinni egallash imkoniyatini eng yuqori deb baholamoqda. Jamoa FIFA reytingida 6-o‘rinda turadi va Yevropa saralash bosqichidan ham muvaffaqiyatli o‘tgan.

Portugaliya tarkibiga qaralsa, deyarli har bir pozitsiyada top futbolchilar yig‘ilgan. Bruno Fernandesh hujumlarni tashkil qiladi, Bernardo Silva maydon markazida o‘yin ritmini belgilaydi. Rafael Leau va Joau Feliks hujumda tezlik va kreativlik qo‘shadi. Joau Kanselu hamda Nunu Mendesh esa zamonaviy futbolning eng kuchli qanot himoyachilaridan hisoblanadi.

Eng katta e’tibor esa, albatta, Krishtiano Ronaldoda bo‘ladi. 41 yoshli afsona faoliyatidagi oltinchi Jahon chempionatida qatnashishi mumkin. Bu esa futbol tarixidagi noyob rekord hisoblanadi. Ko‘pchilik uchun asosiy savol Ronalduning nechta o‘yinni asosiy tarkibda boshlashi va murabbiy Roberto Martines uning kuchini qanday taqsimlashida.

Shunga qaramay, Portugaliya ideal jamoa emas. Mutaxassislar himoya markazidagi ayrim muammolarni tilga olmoqda. Ayniqsa, tezkor hujumchilarga qarshi o‘yinlarda bu kamchilik sezilishi mumkin.

Kolumbiya favoritlarni bezovta qilishi mumkin

Ko‘pchilik ekspertlar guruhdagi eng qiziq jamoa sifatida Kolumbiyani ko‘rsatmoqda. Nestor Lorenso qo‘l ostidagi jamoa so‘nggi yillarda ancha barqaror o‘yin namoyish etdi va Janubiy Amerikadagi eng xavfli terma jamoalardan biriga aylandi.

Kolumbiyaning asosiy quroli hujum chizig‘i hisoblanadi. “Liverpul” futbolchisi Luis Dias istalgan himoyani yorib o‘tadigan darajadagi hujumchi sifatida baholanmoqda. Kucho Ernandes esa jismoniy kurashlarda ustunligi va gol urish qobiliyati bilan ajralib turadi.

Yana bir katta voqea Jeyms Rodriges bilan bog‘liq. 2014-yilgi mundialning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan futbolchi uchun bu ehtimol so‘nggi Jahon chempionati bo‘ladi. Shu sababli u o‘z faoliyatini yorqin yakunlashga harakat qiladi.

Kolumbiyaning tajribali himoyachilari Yerri Mina va Davinson Sanches ham jamoaga katta yordam berishi kutilmoqda. Mutaxassislar ayniqsa 27-iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘yin guruh g‘olibini aniqlab berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Kongo DR yarim asrdan keyin yana mundialda

Kongo Demokratik Respublikasi uchun bu turnir tarixiy ahamiyatga ega. Jamoa Jahon chempionatida so‘nggi marta 1974-yilda, o‘shanda Zair nomi bilan ishtirok etgan edi. O‘shandan buyon oradan 52 yil o‘tdi.

Tarkibda tajriba yetarli. Angliya Premyer-ligasida o‘ynayotgan Yoan Vissa hujumdagi asosiy kuch hisoblanadi. Sardor Shansel Mbemba 100 dan ortiq xalqaro o‘yinlarda maydonga tushgan tajribali futbolchi. Sedrik Bakambu va Simon Banza ham jamoaning muhim figurasi sanaladi.

Mutaxassislar Kongo DR uchun eng muhim bahslar Kolumbiya va O‘zbekistonga qarshi uchrashuvlar bo‘lishini aytmoqda. Ayniqsa O‘zbekiston bilan o‘yin uchinchi o‘rin uchun haqiqiy finalga aylanishi mumkin.

Bukmekerlar jamoaning guruhdan chiqish imkoniyatini deyarli 50 ga 50 deb baholamoqda.

O‘zbekistonning asosiy umidi kimlar?

O‘zbekiston mundialga bir necha bor juda yaqin kelgan edi. 2006, 2014 va 2018-yillarda yo‘llanma qo‘ldan chiqib ketgan bo‘lsa, bu safar orzu nihoyat amalga oshdi. Jamoa sardori Eldor Shomurodov mundialda ham asosiy umidlardan biri bo‘ladi. U terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biri bo‘lib, hisobida 44 ta gol bor.

Himoyada esa ko‘pchilikning e’tibori Abduqodir Husanovga qaratiladi. “Manchester Siti” futbolchisi allaqachon O‘zbekistonning eng qimmat va eng istiqbolli futbolchilaridan biriga aylangan.

Terma jamoa boshqaruvida Fabio Kannavaro borligi ham alohida e’tiborli jihat. 2006-yilda Italiya bilan Jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan afsonaviy himoyachi O‘zbekistonni taktik jihatdan tartibli jamoaga aylantirishga urinmoqda.

Bukmekerlar O‘zbekistonning guruh g‘olibi bo‘lish imkoniyatini juda past baholayotgan bo‘lsa-da, uchinchi o‘rin orqali keyingi bosqichga chiqish ssenariysi mutlaqo real variant sifatida ko‘rilmoqda.

Yangi format O‘zbekistonga qo‘shimcha imkoniyat bermoqda

Avvalgi Jahon chempionatlarida guruhdan faqat ikki jamoa chiqardi. Bu safar esa vaziyat boshqacha. 48 jamoali format sabab eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari ham pley-offga yo‘l oladi.

Shu sabab O‘zbekiston va Kongo DR o‘rtasidagi raqobat yanada qiziqarli tus olmoqda. Agar jamoa guruhdagi uchinchi o‘rinni olsa va yetarlicha ochko jamg‘arsa, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mutaxassislar O‘zbekistonning guruhdan chiqish imkoniyatini aynan shu format bilan bog‘lamoqda. Chunki Portugaliya va Kolumbiya favorit bo‘lsa-da, uchinchi o‘rin uchun kurash hali ochiq.

Guruhdagi eng muhim sanalar qachon?

17-iyun kuni Portugaliya va Kongo DR o‘rtasidagi uchrashuv Xyustonda bo‘lib o‘tadi. Shu kuni O‘zbekiston Meksikadagi mashhur “Asteka” stadionida Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Bu stadion dengiz sathidan qariyb 2 200 metr balandlikda joylashgani sabab qo‘shimcha sinov bo‘lishi mumkin.

23-iyun kuni Portugaliya va O‘zbekiston yana Xyustondagi NRG stadionida uchrashadi. Shu kuni Kolumbiya va Kongo DR ham o‘zaro bahs olib boradi.

27-iyun kuni esa guruhdagi barcha savollarga javob berilishi mumkin. Mayamida Portugaliya va Kolumbiya o‘ynaydi. Atlantada esa O‘zbekiston va Kongo DR to‘qnash keladi. Har ikki bahs bir vaqtda boshlanadi.

Qizig‘i, Portugaliya dastlabki ikki o‘yinni bir stadionda o‘tkazadi va bu ularga logistika jihatidan katta qulaylik beradi. Kolumbiya esa Meksika, Gvadalaxara va Mayami bo‘ylab harakatlanadi. O‘zbekiston esa Meksika, AQShning Xyuston va Atlanta shaharlariga safar qiladi. Mundialda ilk bor qatnashayotgan jamoa uchun bu ham muhim omillardan biri bo‘lishi mumkin.

Bukmekerlar nimani kutmoqda?

Prognozlarga ko‘ra, Portugaliya guruh g‘olibi bo‘lish uchun asosiy favorit hisoblanadi. Kolumbiya ikkinchi o‘ringa eng yaqin jamoa sifatida ko‘rilmoqda. Kongo DR va O‘zbekiston esa uchinchi o‘rin hamda pley-off yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

Shunga qaramay, Jahon chempionatlari tarixida kutilmagan natijalar ko‘p bo‘lgan. Ayniqsa yangi format kichik jamoalarga ham imkoniyat yaratmoqda. O‘zbekiston uchun asosiy vazifa Kongo DRdan ko‘proq ochko to‘plash va imkon qadar favoritlardan ham ochko tortib olish bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat