$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Jahon banki O‘zbekistonga 150 million dollar ajratmoqda: Pullar nimaga sarflanadi?

Qishloq

O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasini yaxshilash va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish dasturining ikkinchi bosqichi boshlanmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 340 million dollarni tashkil etib, uning 150 million dollari Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTA) imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Dasturning qolgan qismini moliyalashtirish uchun Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki 120 million dollar, O‘zbekiston hukumati esa 70 million dollar ajratadi.

Ushbu mablag‘lar Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallada jamoat infratuzilmasi hamda xizmatlar sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladi. Bugungi kunda O‘zbekistonning 38 million kishilik aholisining qariyb yarmi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Biroq ko‘plab hududlarda yo‘llar, maktablar, shifoxonalar, ichimlik suvi va elektr ta’minoti tizimlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan bo‘lib qolmoqda. Bu holat tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga to‘sqinlik qilmoqda.

Dasturning birinchi bosqichida erishilgan natijalar

O‘zbekiston hukumati dasturning birinchi bosqichini 2019-yilda Jahon bankining 100 million dollar va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining 82 million dollar moliyaviy ko‘magida boshlagan edi. Ushbu bosqich 2026-yilning iyun oyida yakunlanib, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 306 ta mahallada 900 dan ortiq loyihani qamrab oldi.

Birinchi bosqich doirasida 340 dan ortiq yo‘l, 220 ta elektr ta’minoti tizimi va 160 ta ichimlik suvi tarmog‘i tartibga keltirildi. Shuningdek, qariyb 100 ta maktab, 40 ta maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 10 ta ko‘prik qurildi yoki rekonstruksiya qilindi. Natijada qariyb 1 million nafar qishloq aholisi, jumladan, ayollarning turmush sharoiti yaxshilandi.

Loyiha doirasida infratuzilma ob’ektlarini tanlash va ularning bajarilishini nazorat qilish jarayonida bevosita mahalla rivojlantirish guruhlari ishtirok etdi. Ushbu guruhlar a’zolarining kamida 50 foizini ayollar tashkil etdi.

Ikkinchi bosqich doirasidagi rejalar va kutilayotgan natijalar

Dasturning ikkinchi bosqichini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi amalga oshiradi. Jahon banki ajratgan mablag‘lar loyiha doirasida belgilangan natijalar va asosiy oraliq bosqichlarga erishilishiga qarab, qismlarga bo‘lingan holda bosqichma-bosqich o‘tkazib boriladi.

Dastur doirasida 2031-yilgacha qariyb 1,2 million qishloq aholisi, jumladan, 600 ming nafar ayol va 300 ming nafar yoshning yashash sharoitini yaxshilash rejalashtirilgan. Shuningdek, 15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Ushbu markazlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda kichik ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlardan foydalanish, biznes ko‘nikmalarini oshirish va yangi bozorlarga chiqishda ko‘maklashadi.

Ushbu tadbirlar natijasida 1,5 mingta to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rni yaratiladi. Dasturning Jahon banki ishtirokidagi boshqa loyihalar bilan birgalikda amalga oshirilishi esa ushbu hududlarda qariyb 25 mingta yangi va yuqori daromadli ish o‘rinlarini tashkil etish imkonini beradi.

Теги :
Jamiyat