$
 12075.98
63.77
 13800.43
69.27
 157.32
-0.82
weather
+26
Кечаси   +14°

Yevropadagi jazirama fojiasi: 10 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi

jazirama

Yevropada kuzatilayotgan rekord darajadagi issiq endi oddiy ob-havo hodisasi emas, balki insonlar hayotiga jiddiy tahdid solayotgan falokatga aylanmoqda. Bir necha hafta ichida minglab odamlar jazirama sabab vafot etib, shifoxonalarga murojaatlar keskin ko‘paydi. Mutaxassislar eng katta xavf yoshi ulug‘ insonlar uchun ekanini ta’kidlamoqda.

Xo‘sh, eng og‘ir vaziyat qaysi davlatlarda?

Jazirama sabab minglab odamlar hayotdan ko‘z yumdi

Yevropaning Kasalliklarni oldini olish va nazorat qilish markazi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magida faoliyat yurituvchi EuroMOMO dasturi iyun oyining oxirida Yevropada anomal issiqlik tufayli 10 mingdan ortiq o‘lim holati qayd etilganini ma’lum qildi. Tadqiqot 27 ta davlatning rasmiy statistikalari asosida tayyorlangan bo‘lib, unda odatdagi ko‘rsatkichdan ancha yuqori o‘lim holatlari aniqlangan. Hisobotda har bir mamlakat bo‘yicha alohida raqamlar ochiqlanmagan bo‘lsa-da, eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari Fransiya va Belgiyada kuzatilgani qayd etilgan. Shifokorlarning aytishicha, jazirama faqat issiq urishiga sabab bo‘lmaydi. U yurak-qon tomir tizimi, nafas yo‘llari va surunkali kasalliklarga chalingan insonlar ahvolini ham og‘irlashtiradi. Ayniqsa, 65 yoshdan oshgan fuqarolar organizmi bunday haroratga ancha zaif bo‘lgani uchun qurbonlarning asosiy qismini aynan ular tashkil qilmoqda.

Eng og‘ir vaziyat Germaniya va Buyuk Britaniyada

Germaniyaning Robert Kox instituti hisob-kitobiga ko‘ra, iyun oyining oxiriga kelib mamlakatda jazirama sabab taxminan 5 ming 100 kishi vafot etgan. Shundan 4 ming 310 nafari atigi bir hafta, ya’ni 22–28 iyun oralig‘ida hayotdan ko‘z yumgan. Qurbonlarning 80 foizidan ortig‘i 75 yoshdan katta fuqarolar bo‘lib, ular orasida ayollar soni ko‘proq ekani qayd etilgan. Institut bunga katta yoshdagi aholi orasida ayollar ulushi yuqoriroq ekani sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Buyuk Britaniyada ham vaziyat yengil bo‘lmagan. London Imperial kolleji olimlari hisobiga ko‘ra, iyun oyining oxirida faqat Angliya va Uelsning o‘zida qariyb 2 ming 700 kishi jazirama sabab vafot etgan. Shu ilmiy guruh Yevropaning 12 ta yirik shahrini ham tahlil qilib, issiq to‘lqini qariyb 2 ming 300 kishining umriga zomin bo‘lganini aniqlagan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Milan, Parij va Barselona shaharlarida qayd etilgan.

Rekord issiqlik okeanlargacha yetib bordi

Yuqori harorat faqat quruqlik bilan cheklanib qolmadi. Olimlar iyun oyida dunyo okeani yuzasining o‘rtacha harorati 21 darajaga yetganini qayd etdi. Bu esa 2023 va 2024-yillarda o‘rnatilgan rekord ko‘rsatkichlardan ham yuqori natija hisoblanadi. Eng issiq hududlar Tinch okeanining tropik va subtropik qismlari, Chili hamda Kaliforniya qirg‘oqlari yaqinidagi suvlar, Shimoliy Atlantikaning subtropik qismi va Yevropaning g‘arbiy sohillari atrofida kuzatilgan. Mutaxassislarning fikricha, okean suvlari haroratining bu darajada ko‘tarilishi iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotganining yana bir jiddiy belgisi hisoblanadi.

Теги :
Jamiyat