$
 11975.36
-98.06
 14020.75
-113.6
 162.91
-1.56
weather
+26
Кечаси   +14°

“Itlar — do‘stimiz, ovqat emas”: Janubiy Koreyada it go‘shtini iste’mol qilish butunlay taqiqlanadi

Janubiy Koreya ko‘p asrlik an’ana — it go‘shtini tanovul qilish odatidan rasman voz kechmoqda. 2027-yilning fevral oyidan boshlab mamlakatda iste’mol uchun itlarni ko‘paytirish, so‘yish va sotishga nisbatan to‘liq taqiq kuchga kiradi.

Ushbu qaror so‘nggi yillarda Osiyo respublikasidagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan ijtimoiy o‘zgarishlardan biriga aylandi va hozirning o‘zidayoq ixtisoslashgan fermalarning ommaviy yopilishiga sabab bo‘ldi.

Fermalarning 80 foizdan ortig‘i yopilib ulgurdi

Janubiy Koreya Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yildan buyon it go‘shti yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi 1537 ta fermadan 1265 tasi o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Bu mamlakatdagi jami xo‘jaliklarning qariyb 82 foizini tashkil etadi.

Qolgan fermalar 2026-yil yakuniga qadar butunlay yopilishi shart. Shuningdek, hukumat taqiq kuchga kirgach, itlarni noqonuniy ko‘paytirish holatlarini aniqlash maqsadida maxsus reydlar o‘tkazilishidan ogohlantirdi. Yangi talablarga rioya qilmagan korxonalar litsenziyasidan mahrum etilishi mumkin.

Yangi avlod voz kechayotgan an’ana

Koreyada it go‘shtini iste’mol qilish an’anasi asrlar davomida mavjud bo‘lib kelgan. Biroq so‘nggi yillarda jamiyatning bu odatga nisbatan munosabati tubdan o‘zgardi.

Mamlakat aholisining aksariyati endilikda itlarga oziq-ovqat manbai sifatida emas, balki sodiq do‘st va oila a’zosi sifatida qaramoqda. Ayniqsa, yoshlar it go‘shti iste’moliga keskin qarshi chiqmoqdalar. Shunga qaramay, soha uyushmalari ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda it go‘shti iste’mol qiluvchilar soni hali ham 10 milliondan ortiqni tashkil etadi.

Minglab restoranlar menyusida hali ham it go‘shti bor

2026-yil boshidagi holatga ko‘ra, Janubiy Koreyada it go‘shtidan tayyorlangan taomlarni taklif qiluvchi 1,6 mingga yaqin restoran faoliyatini davom ettirmoqda.

Soha vakillarining ta’kidlashicha, it go‘shti ishlab chiqarish va sotish bilan qariyb bir million kishi band bo‘lib, kiritilayotgan taqiq ushbu tadbirkorlik subyektlariga jiddiy zarba berishi mumkin.

Prezident va’dasi va G‘arbga ishora

It go‘shtini butunlay taqiqlash Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolning saylovoldi va’dalaridan biri edi. Ushbu odat ko‘p yillar davomida ham mamlakat ichidagi, ham xalqaro miqyosdagi hayvonlar huquqlarini himoya qiluvchilar tomonidan keskin tanqid qilib kelingan.

Rossiyalik koreyashunos olim Yevgeniy Kimning fikricha, Seulning bu qarori nafaqat jamiyatdagi ichki o‘zgarishlar, balki Janubiy Koreyaning xalqaro maydondagi zamonaviy imijini mustahkamlash va G‘arb qadriyatlariga yaqinlashish istagi bilan ham bog‘liq.

Xitoyda ham shunday taqiqlar joriy etilgan edi

Bundan avval Xitoyning Shenjen shahri rasmiylari ham it va mushuk go‘shtini iste’mol qilishni taqiqlagan edi. 2020-yilda, koronavirus pandemiyasi avj olgan pallada qabul qilingan ushbu qaror o‘sha paytda keng jamoatchilik aks-sadosiga sabab bo‘lgan edi.

Теги :
Jamiyat