$
 12021.61
-38.17
 14092.93
-36.31
 150.44
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°

Uyingiz issiq boʻlsin: Sovuq kunlarda xona haroratini bir maromda ushlab turish uchun nima qilish kerak?

uy

Bugungi sovuq kunlarda uyni issiq tutish har bir oila uchun muhim masala va muammoga aylandi. Ammo sovqotmaslikning ortiqcha xarajatlarsiz, samarali usullari ham bor. Quyida bir nechta sinalgan usullarni taklif qilamiz.

Derazalarni qishki rejimga sozlang

Dastlab derazalarni yaxshilab yoping va havo o‘tkazadigan joyi bor-yo‘qligini tekshiring. Keyin derazani qaytadan oching va yopishqoq penoplast lentasi bilan derazaning zich bo‘lmagan joylariga yopishtiring. Qo‘shimcha qoplama sovuq havo o‘tkazmaydi va mavsum davomida xizmat qiladi.

Shuningdek, plastik romlarni qishki rejim uchun texnik jihatdan sozlash zarur. Bu amaliyot derazaning pastki qismidagi muzlashdan saqlaydi, bugʻlanish va mogʻor bosishidan himoya qiladi. Agar sozlash oʻz vaqtida amalga oshirilmasa, romlarda qora dogʻlar paydo boʻladi. Avvaliga deyarli sezilmaydigan mogʻor vaqt oʻtib muammoga aylanishi mumkin.

Qalin pardalardan foydalaning

Sovuq mavsumda pardalar ham xona haroratini bir maromda tutishda asqotadi. Kunduz kuni quyosh nuri xonaga kirishiga toʻsqinlik qilmasligi uchun pardalarni tushurib qoʻymang. Kechqurun esa qalin pardalar bilan derazani yaxshilab berkitishni tavsiya qilamiz. Bunda qoramtir rangdagi pardalarni tanlagan ma’qul: ular kunduzi quyosh nurlarini o‘ziga tortadi, tunda esa sovuq havoni o‘tkazmaydi.

Gilamning ahamiyati

Devor hamda poldan sovuq va zax ajralmasligi uchun imkoni boricha gilam va palosdan foydalaning. Gilam butun sovuqni o‘ziga singdirishi uchun uni sovuq o‘tadigan joylarga soling.

Uyni toʻqima mahsulotlar bilan bezang

Gilamlar bilan cheklanib qolmasdan, xonadoningizni koʻproq toʻqima buyumlar bilan bezating. Toʻqima mahsulotlar oʻz vazifasiga koʻra issiqlikni saqlaydi. Buni bir tajriba orqali isbotlash mumkin: issiq matolar boʻlmagan xona 1–2 soat ichida soviydi, toʻqima buyumlar bilan bezatilgan xonada esa isitgichlarsiz 3–5 soat davomida issiq ushlanib turadi.

Mebellar joyini almashtiring

Agar mebellaringiz batareyaga taqalib tursa, u isitish yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Shuning uchun batareyalar oldini ochiq qoldiring: ular butun xonaga issiqlik tarqatadi.

Isitgich va devor orasiga folga yopishtiring

Deyarli barcha xoʻjalik mollari doʻkonlaridan topish mumkin boʻlgan issiqlik qaytaruvchi material — oddiy folga qogʻozini isitgich (batareya) oʻrnatilgan devorga yopishtiring. Ushbu usul bilan radiatorlarning issiqlik chiqarishini sezilarli darajada oshirgan boʻlasiz.

Oynalarga polietilen plyonka oʻrnating

Polietilen plyonka qish mavsumida oynalarni izolyatsiya qilishda arzon va samarali vosita. Tadqiqotlarga koʻra, bu usul tashqaridan kiradigan havoni tutib qolmaydi, ammo issiqlik yoʻqotilishini 50 foizgacha kamaytirishi mumkin. Plyonkani oʻrnatish uchun uni shisha oʻlchamiga moslab kesish va oddiy suv bilan namlab yuzaga tekislab chiqishning oʻzi kifoya. Materialning shaffofligi xonaga yorugʻlikning yetarli darajada kirib borishini taʼminlaydi, biroq deraza xiralashishidan qochishning imkoni yoʻq.

Deraza tirqishlarini berkiting

Xonadonlarni barchasi zamonaviy plastik romlar bilan jihozlangan emas. Xususan, yogʻoch romlar tirqishlaridan kiruvchi sovuq havoni ushlab qolishda sovundan foydalanish mumkin. Xoʻjalik sovunining ishlatishga yaroqsiz mayda boʻlakchalarini qayerga ishlatishni bilmayotgan boʻlsangiz, marhamat – ulardan derazalarni izolyatsiya qilishda foydalaning! Shunday qilib, avval derazangizni qayeridan sovuq havo kirayotganini aniqlab oling. Soʻng kerakli miqdorda qogʻoz qirqib, uni sovun ivitilgan suvda namlang va sovuq kirayotgan tirqishlarni yamab chiqing. Ushbu usulda sovun yelim vazifasini bajaradi va yopishtirilgan qogʻoz tashqaridan kiruvchi sovuq havoni toʻsadi. Keyinchalik qogʻozlarni olib tashlashda ham hech qanday muammo boʻlmaydi, iz va dogʻlar qolmaydi.

Теги :
Jamiyat