$
 11940.70
-69.22
 13839.27
-94.64
 147.40
-0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Tarix yozgan murabbiy terma jamoadan ketdi. U haqida nimalar ma’lum?

Islombek Ismoilov

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov o‘zining Facebook sahifasida terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi.

“Bugun biz Jahon chempionatidagi ishtirokimizni yakunladik. Shu bilan birga, 3 yil davomida yuragim bilan xizmat qilgan U-17 terma jamoamizning ham faoliyati nihoyasiga yetdi”, — dedi murabbiy.

“Har bir futbolchi tanlovga haqli bo‘lgan”

Murabbiy ushbu davr davomida jamoa bilan mashaqqatli mashg‘ulotlar, quvonchli g‘alabalar va og‘ir mag‘lubiyatlarni birga boshdan kechirganini ta’kidladi.

Ismoilov o‘z faoliyati davomida halollik va adolatga qat’iy amal qilganini ham alohida qayd etdi. Uning aytishicha, terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi tanlovga haqli bo‘lgan.

“Hech kimning ismini, klubini yoki tanish-bilishligini emas faqat mehnatini, xarakterini, munosibligini tanladim. Terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi bunga haqli edi. Shu qarorlarim uchun bugun ham, ertaga ham boshim baland”, - dedi u.

Murabbiyning futbolchilarga murojaati

Ismoilov O‘zbekiston xalqiga, O‘FA rahbariyatiga, yordamchi murabbiylarga va butun shtabga minnatdorlik bildirdi. U futbolchilarga murojaat qilib, shunday dedi:

“Sizlar mening faxrim bo‘lib qolingizlar. Maydonda yutdingiz ham, yutqazdingiz ham, lekin hech qachon taslim bo‘lmadingiz”.

Ismoilovning karyerasi

33-yoshli farg‘onalik murabbiy professional futbolchi bo‘lmagan. U “Paxtakor” jamoasi futbol maktabida ta’lim olgan. Murabbiylik faoliyatini 2015-yilda “Yozyovon” klubidan boshlagan. 2018-yilgi mavsumda Oltiariqning „Iftixor“ klubi va Marg‘ilonning „Farovon“ bolalar futbol jamoasida bosh murabbiylik qilgan.

B-Pro ligasidan O‘zbekiston Superligasigacha

Ismoilov 2019-yilda Yaypanning „Turon“ jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan. Uning qo‘l ostida Turon jamoasi 2019-yilda O‘zbekiston B-Pro ligasi g‘olibligini, 2020-yilda O‘zbekiston Pro ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. 2021-yilda Turon jamoasining O‘zbekiston Superligasidagi qoniqarsiz natijalaridan so‘ng bosh murabbiylikdan ozod etilgan va O‘zbekiston U21 jamoasiga murabbiy etib tayinlangan. 2021-yil noyabr oyida U21 jamoasidan ham iste’foga chiqarilgan.

U-17ni katta qilgan murabbiy

Vanihoyat, 2022-yilda 14 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga bosh murabbiy sifatida tayinlangan. Terma jamoa bilan parallel ravishda murabbiy 2023 va 2024-yillar O‘zbekiston U-15, U-16 terma jamoalariga ustozlik qilgan.

2024-yilda u O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyiga aylangan. Jamoa bilan 3 yillik mashaqqatdan so‘ng Ismoilov 2025-yilda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogi musobaqasida chempionlikni qo‘lga kiritdi.

U Facebookidagi e’lonida ushbu g‘alabani ham eslab o‘tdi:

“Osiyo chempionligi — bu avlodning matonati va mehnati. 2025-yilda Osiyo chempioni bo‘lish — bu bolalarimizning jasorati, mehnati va intilishi. Bu natija O‘zbekiston futboli tarixiga oltin harflar bilan yozilib bo‘ldi. Hech qachon unutmayman: har bir mashg‘ulotda, har bir turnirda biz O‘zbekiston bayrog‘ining sha’nini himoya qildik. Har bir o‘yin oldidan bitta fikr bo‘lardi: Bu Vatan uchun jon fido”.

“Neftchi” bilan shartnoma

Farg‘onaning “Neftchi” professional futbol klubi shu yilning iyun oyida Islombek Ismoilov bilan shartnoma imzolaganini ma’lum qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, murabbiy klubning U-21 jamoasini boshqaradi. “Neftchi” Islombek Ismoilov U-21 jamoasidagi faoliyatini birinchi davra o‘yinlari yakunida boshlashini ma’lum qilgan.

Теги :
Jamiyat