$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

2030-yilgacha 1 million bitiruvchi mehnat bozoriga kirib keladi – Prezident ish o‘rinlarini ko‘paytirishga chaqirdi

ishsizlik/ ish izlash

Bugun, 14-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Unga ko‘ra, 2025-yilda ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha katta dasturlar qabul qilinayotgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda natijalar kutilganidek emas.

Yoshlar bandligi bo‘yicha eng sust hududlar

Mutasaddi rahbarlar yoshlarga ish o‘rinlari yaratish borasida yetarli harakat qilmayotgani, ishsiz yoshlar esa jinoyatchilik va diniy ekstremizm ta’siriga tushib qolish xavfi borligi haqida ogohlantirildi.

Prezident bir qator tuman va shaharlarda yoshlar bandligi bo‘yicha ishlar qoniqarsiz ekanini ta’kidladi. Xususan, quyidagi hududlar tanqid ostiga olindi:

Toshkent shahri – Yunusobod tumani

Andijon viloyati – Asaka tumani

Jizzax viloyati – Sharof Rashidov tumani

Qashqadaryo viloyati – Chiroqchi tumani

Samarqand viloyati – Pastdarg‘om tumani

Toshkent viloyati – Olmaliq shahri

Buxoro viloyati – Buxoro shahri

Bu hududlarda yoshlar bandligi bo‘yicha dasturlar yetarlicha amalga oshirilmayotgani va natijalar sustligi qayd etildi.

126 trillion so‘mlik dastur va yangi tashabbuslar

Ishsizlikni kamaytirish maqsadida 2025-yilda 126 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Ushbu dastur doirasida 378 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi. 250 ming yosh daromadli bo‘lishi uchun kreditlar ajratiladi. Tibbiyot va sanoat sohalari bo‘yicha yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Hozirda 8 ta ilg‘or muhandislik maktabi ochilgan, endi yana 17 tasi ishga tushiriladi

Shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasi ham ishsiz yoshlarni band qilish uchun muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.

3 300 gektar yer ajratiladi

Yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb qilish bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilandi. O‘tgan yili yoshlar uchun 56 ming gektar yer ajratilgan va bugungi kunga kelib 153 ming yosh dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqda. Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida 3 300 gektar yer yangi tartibda ijaraga beriladi. Avval ajratilgan yerdan 100 million so‘m va undan ko‘proq daromad qilgan yoshlar ushbu yangi yer maydonlariga da’vogar bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, yosh fermerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yoshlar kooperatsiyalari tashkil qilinishi va dehqonchilikni o‘rgatish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Yosh tadbirkorlar uchun imtiyozlar

Endilikda yosh tadbirkorlar sanoat ishlab chiqarishini boshlash maqsadida sanoat zonalarida binolar sotib olishlari uchun 500 ming dollargacha imtiyozli kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ushbu qaror yosh biznes egalari uchun muhim qo‘llab-quvvatlash mexanizmi bo‘lib, ularga ishlab chiqarish faoliyatini boshlash yoki kengaytirish imkonini beradi.

Ishlab chiqarish biznesini boshlash yoki rivojlantirish uchun faqat bino sotib olish kifoya emas, balki zamonaviy uskunalarga ham ehtiyoj katta. Shu sababli, yosh tadbirkorlar ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish uchun ham imtiyozli kredit olishlari mumkin bo‘ladi.

Hukumat yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 3 yil davomida 1% etib belgilash tashabbusini ilgari surdi. Ushbu imtiyoz kamida 3 million so‘m oylik maosh to‘laydigan ish beruvchilarga tatbiq etiladi.

2030-yilgacha mehnat bozoriga 1 million bitiruvchi kirib keladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, 2030-yilgacha mehnat bozoriga 1 million yosh kirib kelishi kutilmoqda. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar qo‘shilayotgani va bu raqam yil sayin oshib borayotgani qayd etildi.

Davlat rahbari yoshlarni band qilish, ularga munosib sharoit yaratish hamda ish o‘rinlari tashkil etish bugungi kunda eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Shu maqsadda, “Yoshlar daftari” tizimini takomillashtirish, ijtimoiy yordam va imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mutasaddilarga mehnat bozoridagi talab va taklif muvozanatini ta’minlash, yoshlarni kasbga yo‘naltirish va ularni ish bilan ta’minlash choralarini kuchaytirish vazifasi yuklatildi.

Теги :
Jamiyat