$
 12060.84
51.55
 13754.18
55.18
 155.00
0.26
weather
+26
Кечаси   +14°

Rivojlangan Yevropa davlatlarida o’zbeklar uchun vakansiyalar

Migratsiya

Yevropa davlatlarida malakali ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani o‘zbekistonliklar uchun yuzlab ish oʻrinlarini ochyapti. Xorijiy ish beruvchilar logistika, sanoat, qurilish va transport kabi sohalarga minglab mutaxassislarni jalb etishga tayyor. Taklif etilayotgan vakansiyalar orasida oyiga 950 yevrodan 2 300 yevrogacha maosh, ijtimoiy himoya, tibbiy sug‘urta, ayrim hollarda esa bepul turar joy ham nazarda tutilgan.

Quyida Slovakiya, Estoniya, Germaniya va Rossiyada o‘zbekistonliklar uchun ochilgan eng dolzarb ish o‘rinlari, ularga qo‘yilgan talablar va mehnat sharoitlari bilan tanishishingiz mumkin.

Slovakiyada logistika operatorlari uchun 80 ta vakansiya: oylik 950 yevro, forklift tajribasi talab etiladi

Slovakiyada avtomobilsozlik sanoatida ishlash istagidagi fuqarolar uchun yangi ish o‘rinlari e’lon qilindi. “IDMETRIX S.R.O.” kompaniyasi logistika operatori lavozimiga 80 nafar xodimni doimiy ishga qabul qiladi. Nomzodlarga oyiga 950 yevro ish haqi taklif etiladi. Dastlabki uch oylik sinov muddati davomida esa oylik 750 yevroni tashkil etadi. Ish haftasiga 40 soat, 5 kunlik ish jadvali asosida olib boriladi.

Xodimlarning asosiy vazifalari vilkali yuk ko‘targich va tyagachlarda ishlash, ishlab chiqarish liniyalarini belgilangan marshrutlar bo‘yicha materiallar bilan ta’minlash, yuk mashinalarini yuklash va tushirish, tovarlar, konteynerlar hamda palletlarni omborga joylashtirish, materiallarni qayta o‘rash va ish joyida tartibni saqlashdan iborat. Vakansiyaga 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ariza topshirishi mumkin. Nomzod kamida o‘rta ma’lumotga ega bo‘lishi, vilkali yuk ko‘targichda kamida olti oylik ish tajribasiga ega bo‘lishi hamda B toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, nomzodlardan mas’uliyatli bo‘lish, jamoada ishlash qobiliyatiga ega bo‘lish hamda trening markazidagi o‘quv yakunida o‘tkaziladigan yozma test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tish talab etiladi. Ish beruvchi tomonidan ijtimoiy himoya va tibbiy sug‘urta taqdim etiladi. Hozirga qadar ushbu ish o‘rinlariga 47 nafar fuqaro qiziqish bildirgan.

Estoniyada CNC operatorlari uchun 600 ta vakansiya: oylik 1 727 yevro, haftasiga 35 soat ish

Estoniyada ishlab chiqarish sohasida ishlashni istagan fuqarolar uchun yirik ish dasturi e’lon qilindi. “HANSAVEST OU.” kompaniyasi CNC stanok operatori lavozimiga 600 nafar xodimni doimiy ishga qabul qiladi. Nomzodlarga oyiga 1 727 yevro ish haqi taklif etiladi. Ish haftasiga 35 soat, 5 kunlik ish jadvali asosida tashkil etiladi. Sinov muddati belgilanmagan. Xodimlarning asosiy vazifalari texnik chizmalarni o‘qish va detallarni tayyorlash, CNC dastgohlarini sozlash hamda boshqarish, tayyor mahsulot sifatini nazorat qilish, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishdagi xavfsizlik qoidalariga rioya etishdan iborat.

Vakansiyaga 18 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ariza topshirishi mumkin. Ta’lim darajasi va avvalgi ish faoliyati bo‘yicha qat’iy talab qo‘yilmagan. Biroq nomzod CNC uskunalarida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, nomzodlardan jamoada ishlash va samarali muloqot qila olish, texnikaga qiziqish, tahliliy fikrlash, detallarga e’tiborli bo‘lish, mas’uliyatlilik hamda Estoniya madaniy muhitiga moslasha olish kabi ko‘nikmalar talab etiladi. Ish beruvchi tomonidan ijtimoiy himoya, tibbiy sug‘urta va Tallinn shahridagi turar joy taqdim etiladi.

Germaniyada qurilish mutaxassislari uchun 10 ta vakansiya: oylik 2 300 yevro, oliy ma’lumot talab etiladi

Germaniyada qurilish sohasida ishlashni istagan mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlari e’lon qilindi. ASKANIA FUTURE GMBH kompaniyasi qurilish yo‘nalishi bo‘yicha 10 nafar xodimni doimiy ishga qabul qiladi. Xodimlarning asosiy vazifalari qurilish loyihalarini rejalashtirish, loyihalash va nazorat qilish, CAD dasturlarida texnik chizmalar tayyorlash, obyektdagi ishlarni muvofiqlashtirish, texnik talablar hamda mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, shuningdek, zarur hujjatlar va hisobotlarni yuritishdan iborat. Nomzodlarga oyiga 2 300 yevro ish haqi taklif etiladi. Ish haftasiga 40 soat, 5 kunlik ish jadvali asosida tashkil etiladi.

Dastlabki olti oylik sinov muddati davomida ham ish haqi to‘liq miqdorda to‘lanadi. Vakansiyaga 18 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ariza topshirishi mumkin. Nomzod qurilish, infratuzilma, arxitektura, yo‘l qurilishi yoki boshqa tegishli muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi hamda kamida bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, nomzodlardan mas’uliyatlilik, tahliliy fikrlash, jamoada ishlash, tafsilotlarga e’tibor qaratish va muammolarni samarali hal eta olish ko‘nikmalari talab etiladi. Ish beruvchi tomonidan ijtimoiy himoya va tibbiy sug‘urta taqdim etiladi. Biroq ushbu vakansiya doirasida turar joy ajratilmaydi.


Germaniyada avtobus haydovchilari uchun 30 ta vakansiya: oylik 1 800 yevro, sinov muddatida ham to‘liq maosh

ASKANIA FUTURE GMBH kompaniyasi 30 nafar avtobus haydovchisini doimiy ishga qabul qiladi. Vakansiyaga 21 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ariza topshirishi mumkin. Nomzod kamida o‘rta ma’lumotga hamda yo‘lovchi avtobuslarini boshqarish bo‘yicha kamida bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Ish beruvchi tomonidan ijtimoiy himoya va tibbiy sug‘urta taqdim etiladi. Biroq ushbu vakansiya doirasida turar joy ajratilmaydi. Nomzodlarga oyiga 1 800 yevro ish haqi taklif etiladi. Ish haftasiga 40 soat, 5 kunlik ish jadvali asosida tashkil etiladi. Dastlabki olti oylik sinov muddati davomida ham ish haqi to‘liq miqdorda to‘lanadi.

Xodimlarning asosiy vazifalari Germaniya va Yevropa Ittifoqi qoidalariga muvofiq avtobuslarni boshqarish, yo‘lovchilarni xavfsiz va qulay manziliga yetkazish, har bir reys oldidan transport vositasining texnik holatini tekshirish, haydash va dam olish vaqtiga rioya qilish hamda zarur hujjatlarni yuritishdan iborat. Shuningdek, ish beruvchi mas’uliyatlilik, e’tiborlilik, stressga chidamlilik, yo‘lovchilar bilan ishlash ko‘nikmalari va transport vositalari bo‘yicha texnik bilimlarga ega nomzodlarni izlamoqda.

Germaniyada CE toifali haydovchilar uchun 100 ta vakansiya: oylik 2 200 yevro, yuk tashish tajribasi talab etiladi

“SKANIA FUTURE GMBH” kompaniyasi CE toifali haydovchi lavozimiga 100 nafar xodimni doimiy ishga qabul qiladi. Nomzodlarga oyiga 2 200 yevro ish haqi taklif etiladi. Ish haftasiga 40 soat, 5 kunlik ish jadvali asosida tashkil etiladi. Dastlabki olti oylik sinov muddati davomida ham ish haqi to‘liq miqdorda to‘lanadi. Xodimlarning asosiy vazifalari Germaniya va Yevropa Ittifoqi qoidalariga muvofiq yuk avtomobillarini boshqarish, yuklarni xavfsiz va belgilangan muddatda manziliga yetkazish, transport vositasi hamda yuk holatini tekshirish, taxografdan to‘g‘ri foydalanish va zarur hujjatlarni yuritishdan iborat. Vakansiyaga 21 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ariza topshirishi mumkin.

Ta’lim darajasi bo‘yicha qat’iy talab qo‘yilmagan. Biroq nomzod samosval yoki pardali yarim tirkamali yuk avtomobillarini boshqarish bo‘yicha kamida bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, ish beruvchi mas’uliyatlilik, e’tiborlilik, stressga chidamlilik, mijozlar bilan ishlash ko‘nikmalari hamda transport vositalari bo‘yicha texnik bilimlarga ega nomzodlarni izlamoqda. 

Rossiyada quduqni kapital ta’mirlash bo‘yicha 400 ta vakansiya: oylik 190 ming rubl

Rossiyada neft sanoatida ishlashni istagan fuqarolar uchun yirik ish dasturi e’lon qilindi. “ОБЬНЕФТЕРЕМОНТ” korxonasi quduqni kapital ta’mirlash burg‘ulovchisi yordamchisi (4-daraja) lavozimiga 400 nafar xodimni doimiy ishga qabul qiladi. Vakansiya Rossiyaning Xanti-Mansiysk avtonom okrugi – Yugra hududidagi Nijnevartovsk shahrida joylashgan korxonada taklif etilmoqda. Vakansiyaga 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ariza topshirishi mumkin.

Ta’lim darajasi bo‘yicha qat’iy talab qo‘yilmagan. Biroq nomzod malakali bo‘lishi va ushbu yo‘nalishda ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Nomzodlarga oyiga 190 ming rubl ish haqi taklif etiladi. Ish haftasiga 72 soat, 6 kunlik ish jadvali asosida tashkil etiladi. Dastlabki sinov muddati uch oy etib belgilangan. Nomzodlardan jamoada ishlash qobiliyati, mas’uliyatlilik, topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish hamda mehnatsevarlikni talab qilinadi.

Теги :
Jamiyat