$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Yillik maosh 200 ming dollar: Jahon mehnat bozorida bir kasbga bo‘lgan talab 700 foizdan oshib ketdi

Rasm Foto: Forbes

Jahon mehnat bozorida bir kasbga bo‘lgan talab 700 foizdan oshib ketdi. Bu Forward Deployed Engineer (FDE), ya’ni kompaniyalarga sun’iy intellektni amaliyotga joriy qilishga yordam beruvchi mutaxassisdir.

Business Insider maqolasida texnologiya sohasida qisqartirishlar davom etayotganiga qaramay, aynan shu kasb eng tez o‘sayotgan yo‘nalishlardan biriga aylangani aytiladi. Indeed ma’lumotlariga ko‘ra, FDE lavozimlari uchun ish e’lonlari soni bir yil ichida qariyb 729 foizga oshgan.

Box kompaniyasi bosh direktori Aaron Levie bu haqda shunday deydi: “FDE yoki shunga o‘xshash vazifalarni bajaradigan mutaxassislar yaqin yillarda texnologiya sohasidagi eng talabgir kasblardan biriga aylanadi”.

Ular nima ish qiladi?

Ko‘plab kompaniyalar sun’iy intellektdan foydalanishni istaydi, biroq uni biznes jarayonlariga qanday moslashtirishni bilmaydi. FDElar esa aynan shu muammoni hal qiladi.

Ularning vazifalari:

— Kompaniyaning ish jarayonlari va muammolarini o‘rganish.

— AI vositalarini biznes ehtiyojlariga moslashtirish.

— Sun’iy intellektni mavjud tizimlarga integratsiya qilish.

— Jarayonlarni avtomatlashtirish va samaradorlikni oshirish.

— Texnik jamoa bilan biznes rahbariyati o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarish.

Bu kasb dastlab Palantir kompaniyasi tomonidan ommalashtirilgan. Kompaniya muhandislarini bevosita mijozlar bilan ishlashga yuborib, ular uchun maxsus dasturiy yechimlar yaratgan.

Kimlar bunday mutaxassislarni izlamoqda?

Anthropic, OpenAI, Palantir, Stripe va Google Cloud kabi kompaniyalar forward-deployed engineerlarni faol ravishda ishga yollamoqda.

McKinsey’ning AI bo‘limi QuantumBlack rahbarlaridan biri Alex Singla esa FDE mutaxassislar haqida shunday degan: “Biz kuchli konsultant yoki kuchli texnolog bo‘lish salohiyatiga ega odamlarni topib, keyinchalik ularni ikkala yo‘nalishda ham rivojlantirishni xohlaymiz”.

Bu fikr kompaniyalar endi faqat dasturchi emas, balki biznesni ham tushunadigan texnik mutaxassislarni qidirayotganini ko‘rsatadi.

Maosh qancha?

Indeed ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu lavozim uchun yillik daromad odatda $170 mingdan boshlanib, $200 mingdan yuqori bo‘lishi mumkin.

Sun’iy intellekt davrida eng qimmat mutaxassislar — texnologiyani yaratadiganlar emas, uni real biznes muammolariga moslashtirib bera oladiganlar bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat