$
 12015.96
-26.53
 14051.46
-96.06
 160.30
-0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

Ishdagi stresslar sabab har yili 840 mingdan ortiq kishi erta vafot etyapti

office workers office workers

Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) yangi hisobotiga koʻra, dunyoda har yili 840 mingdan ortiq kishi ishdagi psixosotsial xavf-xatarlar tufayli vafot etyapti. Bunga uzoq ish vaqti, ish joyidagi xavfsizlik masalasi va tazyiqlar sabab bo‘lmoqda.

Hatto ruhiy buzilishlarga sabab

Hisobotga ko‘ra, ishdagi ruhiy bosimlar asosan yurak-qon tomir kasalliklari va ruhiy buzilishlarga sabab bo‘ladi. Ayanchlisi, bu holatlar hatto o‘z joniga qasd qilishgacha olib bormoqda.

XMT mutaxassisi Manal Azzining ta’kidlashicha, ishdagi ruhiy muhitni yaxshilash nafaqat xodimlarni himoya qiladi, balki ish unumdorligini va iqtisodiy rivojlanishni ham kuchaytiradi.

45 million yillik sog‘lom hayot boy berilmoqda

Ishdagi xavflar tufayli har yili qariyb 45 million yillik sog‘lom hayot boy berilmoqda (kasallik tufayli inson umri qisqarmoqda). Yurak va ruhiy kasalliklarning umumiy ta’siri jahon yalpi ichki mahsulotining 1,37 foiziga teng zarba bermoqda. Birgina Yevropaning o‘zida bu sabablar tufayli 112 333 kishi vafot etgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, depressiya va xavotir hissi tufayli dunyo bo‘yicha yiliga 12 milliard ish kuni boy berilmoqda.

Kasallik kelib chiqishi

Eng ko‘p uchraydigan holatlar — bu depressiya, xavotir, ishdan ko‘ngil qolishi, uyqu buzilishi va charchoqdir. Ishdagi stress insonni zararli odatlarga ham yetaklaydi, jumladan:

chekish va alkogol iste’moli;

haddan tashqari ko‘p ovqatlanish;

kam harakatlilik.

Bularning barchasi semirish, qon bosimi oshishi va surunkali kasalliklarga sabab bo‘ladi.

Asosiy sabablar

Hisobotda xodimlar salomatligiga zarar yetkazuvchi quyidagi asosiy sabablar sanab o‘tildi:

1. Uzoq ish vaqti. Dunyo bo‘ylab ishchilarning 35 foizi haftasiga 48 soatdan ko‘p ishlaydi.

2. Haftasiga 55 soatdan ko‘p ishlash insult xavfini 35 foizga, yurak kasalliklaridan o‘lim xavfini esa 17 foizga oshiradi.

3. Tazyiq va zo‘ravonlik. Dunyo ishchilarining 23 foizi ish faoliyati davomida kamida bir marta zo‘ravonlik yoki tazyiqqa uchragan. Bunda ruhiy bosim eng ko‘p (18 foiz) tarqalgan.

4. Boshqa sabablar. Ishdagi xavfsizlik masalasi, mehnatga yarasha haq olmaslik va kamsitish.

Nima qilish kerak?

Raqamlashtirish, sun’iy intellekt va masofadan ishlash kabi yangi tizimlar ish muhitini o‘zgartirmoqda. XMT tashkilotlarni ish yuklamasini to‘g‘ri taqsimlashga, ish vaqtini me’yorlashtirishga va har bir xodimning vazifasini aniq belgilashga chaqirmoqda.

“Agar profilaktika yordam bermasa, xodimlarga o‘z vaqtida ruhiy yordam ko‘rsatish va ularni kamsitmaslik zarur. Shuningdek, sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlar uchun ish tartibini vaqtincha yengillashtirish tavsiya etiladi”, deyiladi hisobotda.

Теги :
Jamiyat