2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida qanday xatarlar bo‘lishi mumkin?
Markaziy bank pul-kredit siyosati sharhida O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan bir qancha xatarlarni sanadi.
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank pul-kredit siyosati sharhida O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan bir qancha xatarlarni sanadi.
Tashqi noaniqliklar
Dunyoda proteksionistik (bojlar qo‘yish) siyosatni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ko‘paymoqda. Ayniqsa AQSHning bir qancha mahsulotlarga boj joriy qilish siyosati jahon iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir qiladi.
Global savdodagi cheklovlar natijasida xalqaro ta’minot zanjirlarida muammolar yuzaga kelishi mumkin. Bu esa narxlar oshishiga bosimni yuzaga keltiradi.
Bularning barchasi O‘zbekistonga ham ta’sir qiladi.
Ichki noaniqliklar
2025-yilda energiya islohotining navbatdagi bosqichi amalga oshiriladi. Bunda yuridik shaxslar uchun ham energiya ta’riflari oshiriladi. Natijada ishlab chiqarish xarajatlari oshadi. Bu esa inflyatsiyaga sezilarli ta’sir qiladi.
Aprel oyida gaz to‘ldirish kompressor shahobchalari uchun tabiiy gaz ulgurji narxi oshiriladi. Bu esa transport xarajatlarini qimmatlashishi orqali mahsulotlar narxi sezilarli ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.
Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xatarlar
Tadqiqotlarga ko‘ra, global haroratning 1C ga ortishi, jahon iqtisodiyotini 12 foizga qisqarishiga olib keladi. O‘zbekiston uchun iqlim o‘zgarishi asosiy muammolardan biri hisoblanadi.
Mamlakat iqtisodiyotda hamon ko‘mirdan foydalanishni qisqartirayotgani yo‘q. Ko‘mir iqlim o‘zgarishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Biroq, so‘nggi yillarda ko‘mir ishlab chiqarish har yili yuqori sur’atlarda o‘sib bormoqda.
Shuningdek, iqlim bilan bog‘liq xatarlar bank tizimida ham moliyaviy xatarlarni yuzaga keltiradi.
Shunday qilib, 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir qiluvchi bir qancha xatarlar mavjud. Hukumat bularni hisobga olib choralar ko‘rishi kerak.



