Ispaniya jahon iqtisodiy peshqadami, AQSh fond bozorida rekord qo‘ydi
The Economist nashri 2024-yilda iqtisodiyoti eng yaxshi natijaga erishgan mamlakatlar roʻyxatini eʼlon qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil dunyo iqtisodiyoti uchun o'ziga xos yutuqlar va qiyinchiliklar bilan yodda qoldi. Global iqtisodiyot o'sishi 3,2 foizni tashkil etdi, bunda inflyasiyaning pasayishi va iste'molchilarning faol xarajatlari asosiy omillar bo'ldi, deb xabar beradi The Economist.
Ispaniya – yilning yetakchisi
The Economist ma'lumotlariga ko'ra, 2024-yilda eng yaxshi iqtisodiy ko'rsatkichlarni Ispaniya qayd etdi. Sanoatning barqaror o'sishi va immigratsiyaning ortishi iqtisodiy faollikni oshirishga yordam berdi. Qirollikning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) yil yakunida 3,1 foizga o'sishi kutilmoqda.
Irlandiya, Daniya, Gretsiya va Italiya
Ispaniyadan keyingi o'rinlarni Irlandiya, Daniya, Gretsiya va Italiya egalladi. Bu mamlakatlar yaqin o'tmishdagi iqtisodiy qiyinchiliklarni ortda qoldirib, barqaror rivojlanishni namoyon qilishdi. Masalan, Gresiyada ishsizlik darajasi so'nggi 10 yillikdagi eng past ko'rsatkichga tushdi.
Boshqa tomondan, Germaniya va Buyuk Britaniya kabi yirik iqtisodiyotlar yuqori energiya narxlari va sanoatdagi sekin o'sishdan aziyat chekdi. Yevropaning boshqa mamlakatlaridan Latviya va Estoniya bu yil iqtisodiy jihatdan qoniqarsiz natijalar ko'rsatdi.
AQSh fond bozori yutuqlari va Finlandiya muvaffaqiyatsizligi
AQSh fond bozori, inflyasiyani hisobga olmaganda, 24 foizlik daromad bilan yilning eng yuksak natijasini qayd etdi. Finlandiya esa aksincha, fond bozori uchun muvaffaqiyatsiz yilni boshdan kechirdi.
Fransiya va Shveysariya inflyasiya darajasi bo'yicha yuksak natijalarni qayd etdi: bu mamlakatlarda narxlarning yillik o'sishi 2 foizdan oshmadi.
Fiskal intizomda Daniya va Irlandiya yetakchilik qildi
Daniya va Irlandiya byudjet profisitiga erishgan bo'lsa, Britaniya va Yaponiya hukumat xarajatlarining ortishi tufayli ko'proq qarz olishga majbur bo'ldi.
2024-yil dunyo iqtisodiyoti uchun turli natijalar bilan tugab, mamlakatlarning iqtisodiy barqarorligi va strategiyasining muhimligini yana bir bor tasdiqladi.



