$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Chet elda ishlayotgan fuqarolar ham ipoteka olish imkoniyatiga ega bo‘ladi

Uy, xonadon

Chet elda vaqtincha mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ham mamlakat ichida ipoteka krediti olish imkoniyati yaratiladi. Bu Prezident tomonidan 21-fevral kuni imzolangan farmonda belgilangan “yo‘l xaritasi”da qayd etilgan.

Ipoteka kredit olish imkoniyatlari kengaytiriladi

Farmonga ko‘ra, xorijda vaqtincha ishlayotgan shaxslar hamda salbiy kredit tarixiga ega fuqarolar uchun ipoteka kreditlari va subsidiya olish imkoniyatlari kengaytiriladi. Ushbu vazifa Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, uning ijrosi 2025-yil 1-aprelgacha amalga oshirilishi lozim. Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi shu sanagacha ipoteka kreditlari berishda banklarning tavakkalchiliklarini kamaytirish maqsadida davlat tomonidan ipoteka kafolati tizimini joriy qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi belgilangan.

Yangi qurilgan uy-joy xaridorlariga soliq yengilliklari joriy etilishi mumkin

Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘p qavatli uy-joylarda yangi qurilgan kvartiralarni tijorat banklari orqali sotib olgan fuqarolarga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini cashback shaklida qaytarish mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha taklif tayyorlab, Prezident Administratsiyasiga taqdim etishi belgilandi.

Chet elda ishlayotgan fuqarolarning daromadlarini hisoblash tizimi

Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda, aholiga rasmiy ish joyi bo‘lmasa ham, daromadlarini deklaratsiya asosida tasdiqlash orqali ipoteka krediti olish imkoniyati yaratilgani ta’kidlandi. Biroq, hozirda xorijda ishlayotgan fuqarolarga “O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘q” degan asos bilan kredit va subsidiyalar ajratilmayotgani muammosi borligi qayd etildi. Shu sababli, xorijda mehnat qilayotgan va oxirgi olti oy davomida doimiy pul o‘tkazmalari amalga oshirgan fuqarolarning daromadini hisobga oluvchi yangi tizim ishlab chiqiladi. Bu orqali chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar ham mamlakat ichida ipoteka kreditidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Теги :
Jamiyat