$
 12015.96
-26.53
 14051.46
-96.06
 160.30
-0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

53 milliard dollarlik marra: O‘zbekiston investitsiya siyosatida sun’iy intellektga urg‘u bermoqchi

Investitsiya

O‘zbekistonda 2026-yilda xorijiy investitsiyalar hajmini 53 milliard dollargacha oshirish ko‘zda tutilgan. Prezident rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda investitsiya loyihalarini tanlash va ularni amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Investitsiyalarni jalb qilishda sun’iy intellektning o‘rni

Davlat rahbari har bir loyihaning samaradorligi to‘g‘ri investor va puxta tanlangan yo‘nalishga bog‘liqligini ta’kidladi. Shu maqsadda hududlar salohiyati, ishlab chiqarish quvvatlari hamda ichki va tashqi bozor talabini tahlil qiluvchi sun’iy intellektga asoslangan platforma ishga tushiriladi. Mazkur tizim investorlar va konsalting kompaniyalari uchun “yagona darcha” tamoyili asosida ishlaydi va qaysi hududda qanday loyihani amalga oshirish bo‘yicha aniq tavsiyalar beradi.

Mavjud korxonalar salohiyatini oshirish

Ayni paytda O‘zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi 18 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi. Xususan, 526 ta korxona ishlab chiqarish faoliyatini yuritishiga qaramay, eksport operatsiyalarini amalga oshirmagan. Yana 767 ta korxona faqat import mahsulotlarini sotish bilan cheklanib qolgan.

Prezident ushbu korxonalarni mahalliy ishlab chiqarishga yo‘naltirish, mahalliy tadbirkorlar bilan kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish va ularni eksport bozoriga olib chiqish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi.

“Aqlli tuman” tajribasini hududlarga yoyish

Boshqaruv samaradorligini oshirish maqsadida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida sinovdan o‘tkazilgan situatsion-tahlil markazi tajribasi butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladi. Viloyat hokimlariga ikki oy muddat ichida hudud markazlari va yirik shaharlarda shunday markazlarni tashkil etish vazifasi yuklatildi. Bu tizim hududlardagi iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish va boshqaruv qarorlarini tezkor qabul qilishga xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat