$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Yanvar oyining o‘zida 3 milliard dollarlik xorijiy sarmoya jalb qilindi

Investitsiya

O‘zbekistonga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar miqdori jadal oshib bormoqda. 2025-yil yanvar oyida mamlakatga 3 milliard dollarlik xorijiy sarmoya kiritildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘p. Investitsiyalar sanoat va energetika loyihalariga yo‘naltirilib, yangi zavodlar, ishlab chiqarish korxonalari hamda infratuzilma obyektlari qurilishi boshlandi.

Investitsiyalar taqsimoti va yirik loyihalar 

Yanvar oyida umumiy investitsiyalarning 1,2 milliard dollari tarmoqlar bo‘yicha loyihalarga yo‘naltirilgan bo‘lsa, hududiy loyihalar uchun 1,8 milliard dollar ajratildi. Shu jumladan, qiymati 23 milliard dollarga teng 513 ta yangi loyiha moliyalashtirilgan bo‘lib, ular doirasida 1,1 milliard dollar xorijiy sarmoya o‘zlashtirildi.   

26 ta tuman va shaharlarda o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 20 million dollardan oshdi. Xususan, Karmana tumanida kimyo klasteri uchun 334 million dollarlik uchta loyiha boshlangan bo‘lib, ulardan biri – “Zarafshon Industrial Technology”tomonidan Xitoy investorlari ishtirokida kaustik soda va xlor mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi hisoblanadi. Ushbu loyiha doirasida yanvar oyida 50 million dollar investitsiya jalb qilindi. Ohangaron tumanida esa “Metal Processing Technology” (ICG) tomonidan mis quvurlar va fitinglar ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 20 million dollar investitsiya yo‘naltirildi.  

Navoiyda yirik energetik loyihalar amalga oshirilmoqda. “Navoiyazot” AJ negizida kimyo klasteri uchun 2 milliard dollarlik energoblok va 300 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiya qurilishi davom etmoqda, bu loyihalar doirasida 22 million dollar o‘zlashtirildi. Andijon tumanida esa “Ipak yo‘li” sanoat zonasida umumiy qiymati 300 million dollardan ortiq bo‘lgan to‘qqizta loyiha ishga tushirildi. Shu jumladan, “Tian Jiao Hongan Agriculture Hightech”kompaniyasi qalampir mahsulotlarini chuqur qayta ishlash loyihasiga 10 million dollar sarmoya kiritdi, “Longping-Bereke” esa 2,3 million dollar evaziga gibrid urug‘ yetishtirish loyihasini amalga oshirmoqda.  

Energetika va infratuzilma loyihalariga katta sarmoya 

Yanvar oyida 3 milliard dollarlik uchta yirik loyiha doirasida sezilarli investitsiya jalb qilindi. Angor tumanida 1560 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasi, Nurobod tumanida 500 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va G‘ijduvon tumanida 600 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi qurish uchun 100 million dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirildi.  

Bundan tashqari, Davlatobod tumanida Yangi Namangan shaharchasi loyihasi doirasida xorijiy investorlar hisobidan 180 million dollarlik oliy ta’lim muassasasi va ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilishi boshlab yuborildi. O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 152 million dollarlik loyiha doirasida Amudaryo tumanida “Mang‘it suv tozalash inshooti” qurilishi davom etmoqda. Shuningdek, Toshkent viloyatida 161 million dollarlik suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda, bu doirada Chirchiq shahrida kuniga 130 ming kub metr suvni tozalash quvvatiga ega yangi inshoot barpo etilmoqda.  

Kichik va o‘rta biznes uchun investitsiyalar ham o‘smoqda 

Yanvar oyida qiymati 231 million dollarlik 374 ta kichik va o‘rta biznes loyihalari ishga tushirildi. Ushbu loyihalar natijasida 6,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, Yangiariq tumanida “Sarwings Xorazm Plast” korxonasi 8 million dollarlik investitsiya hisobiga avtomobillar uchun plastmassa ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi va 180 ta ish o‘rni yaratdi.

Namangan shahrida esa “Namangan Sharbat”korxonasi 9 million dollarlik investitsiya evaziga meva-sabzavotlarni qayta ishlash zavodini ishga tushirdi va 25 ta yangi ish o‘rni yaratdi. Yunusobod tumanida 29 million dollar evaziga “Yunusabad Galleria”savdo-ko‘ngilochar va biznes markazi qurildi.

Теги :
Jamiyat