$
 12825.43
-12.9
 13493.63
-4.59
 120.98
1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yilda asosiy kapitalga investitsiyalar 1,3 barobar oshdi

investitsiya

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida hududlarda asosiy kapitalga investitsiyalar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilish samaradorligini tahlil qildi.

IPI indeksi nima?

Tahlil davomida IPI (Investment Performance Index - Investitsiyalarni jalb qilish samaradorligi indeksi) indeksidan foydalanildi. Mazkur indeks hududlar miqyosida jalb qilingan investitsiyalarni baholash uchun qo‘llaniladigan iqtisodiy ko‘rsatkichdir. IPI indeksi hududlarda investitsiya siyosatini tahlil qilishda qo‘llaniladi va quyidagi masalalarni aniqlashga yordam beradi:

 • Qaysi hududlar investitsiyalarni samarali jalb qilmoqda.

 • Investitsiyalarni boshqarishda mavjud muammolar va imkoniyatlar.

 • Xorijiy va mahalliy investitsiyalarning tarkibiy ta’siri.

2024-yildagi asosiy ko‘rsatkichlar

Indeksning me'yordagi ko‘rsatkichi 1,00 ga teng bo‘lib, investitsiyalarni jalb qilish siyosati yaxshi yo‘lga qo‘yilganini bildiradi. Indeks qiymatining me'yordan yuqoriligi jalb qilinayotgan investitsiyalardan samarali foydalanish imkoniyatlari mavjudligini, aksincha past qiymatlar hududga qo'shimcha investitsiyalarni jalb qilishga e'tibor qaratish zarurligini anglatadi.

2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida respublika bo‘yicha asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 343,1 trln. so‘mga yetgan. Bu 2023-yilning mos davridagiga nisbatan 1,3 marotaba ko‘p. Xorijiy investitsiya va kreditlar hajmi 1,6 barobar oshgan va 233,0 trln. so‘mga teng bo‘lgan.

Buxoro va Namangan yetakchi, eng past ko‘rsatkich Toshkentda

2024-yilning dastlabki to‘qqiz oyi ma'lumotlari asosida hisoblangan IPI indeksiga ko‘ra, quyidagilar aniqlandi:

Aksariyat hududlarda asosiy kapitalga investitsiyalar bo‘yicha me'yor ko‘rsatkichga qaraganda yuqori qiymatlar saqlanib qolmoqda. Bu borada Buxoro (2,15), Namangan (1,91) va Jizzax (1,70) viloyatlari boshqalarga nisbatan ajralib turibdi. Surxondaryo (1,06) va Andijon (0,93) viloyatlarida me'yordagi ko‘rsatkichga yaqin qiymatlar qayd etildi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar bo‘yicha Buxoro (2,92) va Namangan (2,06) viloyatlarida me'yordagidan ancha yuqori natijalar kuzatildi. Andijon (1,08) va Navoiy (0,99) viloyatlarida me'yor ko‘rsatkichiga yaqin qiymat qayd etildi. Toshkent shahrida (0,54) indeks 1 dan ancha past bo‘ldi.

Shuningdek, tadqiqot davrida qayd etilgan ko'rsatkichlarni avvalgi uch chorak natijalari bilan taqqoslash asosida quyidagilar aniqlandi:

So‘nggi yillarda asosiy kapitalga investitsiyalar tarkibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarining hajmi ortib borishi IPI indeks qiymatlarining tebranishiga kuchli ta'sir saqlanib qolmoqda.

Xususan, Buxoro va Namangan viloyatlarida xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilgan loyihalar yuqori indeks qiymatlarining shakllanishiga sabab bo‘lgan.

Xorijiy investitsiyalarning hududlar miqyosida notekis taqsimlanishi nimalarga olib keladi?

Christian Lessmann tomonidan 1980-2009 yillarda dunyoning 55 ta mamlakati bo‘yicha olib borgan tadqiqotiga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning notekis taqsimlanishi hududlar miqyosida nomutanosiblikka olib kelishi mumkinligi aniqlangan.

Shuningdek, aholining hududlar orasida yuqori mobilligi va davlatlarning resurslarni samarali qayta taqsimlash siyosati kabi omillar yuqoridagi salbiy ta’sirni kamaytirishi mumkinligi qayd etilgan.