"INSON" AJ sug‘urta tashkiloti javobgarlikka tortildi
Tashkilot "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonun 5-19-moddalari talablarini buzgan deb topildi.
2 daqiqa o‘qiladi

"INSON" AJ sug‘urta tashkiloti javobgarlikka tortildi
Tashkilot "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonun 5-19-moddalari talablarini buzgan deb topildi.
Sug‘urta ishi ko‘rib chiqildi
Raqobat qo‘mitasi "INSON" AJ sug‘urta tashkiloti tomonidan fuqarolarga sug‘urta tovoni to‘lab berilmayotganligi sababli ish qo‘zg‘atgan edi.
Mazkur ish Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mutaxassislari, "INSON" AJ tashkiloti vakillari va Qo‘mitaga murojaat qilgan fuqarolar ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Sug‘urtaning asosiy tamoyillari o‘zi nima?
"Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida"gi Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning qoplanishini ta’minlash majburiy sug‘urtaning asosiy tamoyili hisoblanadi.
Mazkur Qonunning 8-moddasiga muvofiq, fuqarolik javobgarligining yuzaga kelishi sug‘urta hodisasi hisoblanmaydigan holatlar keltirilgan bo‘lib, unda ko‘rsatilgan oqibatlardan tashqari hollarda transport vositasi egalarining fuqarolik javobgarligi yuzaga kelgan taqdirda jabrlanuvchilarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar o‘rni qoplanishi kerak.
Ushbu moddaga ko‘ra, transport vositasini boshqarishga ruxsat etilgan shaxs sifatida majburiy sug‘urta shartnomasiga kiritilmagan holatlar - sug‘urta hodisasi hisoblanmasligi hamda sug‘urta tovonini to‘lashni rad etishga asos bo‘lishi belgilanmagan.
Qonunbuzarlik holati va chora
Maxsus komissiya tomonidan "INSON" AJ sug‘urta tashkiloti "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunning 5-19-moddalari talablari buzilgan deb topilib, o‘tgan vaqt davomida sug‘urta tovoni to‘lab berish rad etilgan jami 173 nafar fuqaroga sug‘urta tovoni to‘lab berilishi yuzasidan qaror qabul qilindi. Shuningdek, sug‘urta tashkilotiga qonun buzilishini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.



