$
 12052.05
39.93
 13985.20
49.94
 165.30
-0.82
weather
+26
Кечаси   +14°

“Giveaway”lar ish bermay qo‘ydi: Instagram o‘lik obunachilardan charchadi

instagram

Bir necha yil avval o‘zbek Instagramida foydalanuvchilar deyarli bir xil mazmundagi videolarga duch kelishardi. Mashhur san’atkor yoki bloger qo‘lida avtomobil kalitini ko‘rsatib, homiylar sahifalariga obuna bo‘lish evaziga Gentra yoki Malibu yutib olish mumkinligini taklif qilar edi. Albatta, ushbu davr o‘zbek internet marketingining eng shov-shuvli bosqichlaridan biri bo‘ldi. Sababi, tadbirkorlar qisqa vaqt ichida yuz minglab obunachi yig‘ishni katta muvaffaqiyat deb bilishar, blogerlar esa bitta yirik giveaway orqali katta daromad topishardi. Biroq oson pul va tezkor natijalarga asoslangan bu tizim uzoq yashamadi.

Bugun O‘zbekistonning Instagram bozori butunlay boshqa qiyofaga ega. Foydalanuvchilar ham, biznes egalari ham tajriba orttirdi. Shov-shuvli sovrinli o‘yinlar o‘rnini barter hamkorliklari, qonuniy shartnomalar va soliq nazorati egallamoqda. Kechagi tartibsiz bozor bugun tobora professional marketing maydoniga aylanib bormoqda.

Giveawaylar nega samara bermay qo‘ydi?

Instagram marketingining dastlabki bosqichida asosiy maqsad imkon qadar ko‘proq obunachi yig‘ish edi. Giveaway mexanizmi ham aynan shu ehtiyojdan kelib chiqdi. Tizim sodda ishlardi: blogerlar turli tadbirkorlar yoki faoliyatini endigina boshlayotgan sahifa egalari bilan hamkorlik qilib, ulardan homiylik mablag‘larini yig‘ishardi. Ushbu mablag‘lar hisobidan sovg‘alar xarid qilinar, foydalanuvchilar esa homiylar sahifalariga obuna bo‘lish orqali tanlovda ishtirok etishardi. Biroq bu modelning asosiy kamchiligi vaqt o‘tib namoyon bo‘la boshladi. Odamlar mahsulot yoki xizmatga qiziqqani uchun emas, sovrin ilinjida obuna bo‘lishar. Tanlov yakunlangach esa ommaviy ravishda sahifalarni tark etishardi. Natijada biznes egalari son jihatdan katta, ammo faol bo‘lmagan auditoriyaga ega bo‘lib, bunday obunachilar xarid qilmas, hech qanday kontent bilan o‘zaro aloqaga kirishmas edi. Bundan tashqari, qisqa muddat ichidagi keskin obunachi yo‘qotish Instagram algoritmlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatardi.

Vaqt o‘tishi bilan giveawaylarning shaffofligi haqida ham savollar paydo bo‘ldi. Sovrinlar tanish-bilishlarga berilishi, jonli efirlarning ishonchsiz o‘tkazilishi haqidagi gap-so‘zlar ushbu formatga bo‘lgan ishonchni susaytirdi. Natijada jiddiy brendlar giveawaylarni samarali marketing vositasi sifatida ko‘rmay qo‘ydi. Shu tariqa Instagram oddiy ko‘ngilochar maydondan aniq iqtisodiy natijalarni talab qiladigan biznes platformasiga aylana boshladi.

Barter ozi nima?

Giveawaylar ommaviyligini yo‘qotganidan keyin Instagramda boshqa model kuchaya boshladi. Bu – barter hamkorligi edi. Barter mohiyatan qadimiy savdo usuli bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda u yangi ko‘rinishga ega bo‘ldi. Bloger reklama qiladi, biznes esa buning evaziga mahsulot yoki xizmat taqdim etadi. Bugungi kunda yangi uyini ta’mirlayotgan blogerning storilarida mebel, pardalar va maishiy texnika do‘konlari ketma-ket tilga olinayotganini ko‘rish mumkin. Ayrim hollarda u bu mahsulotlar uchun pul to‘lamaydi. Xuddi shunday, stomatologik xizmatlar, kosmetologik muolajalar yoki boshqa xizmatlar ham reklama evaziga ko‘rsatiladi.

Barter nega ommalashdi?

Birinchidan, ko‘plab tadbirkorlar uchun reklama xizmatiga katta miqdorda naqd pul to‘lash qiyin. Ombordagi mahsulotni taqdim etish esa iqtisodiy jihatdan qulayroq. Ikkinchidan, auditoriya an’anaviy reklamaga nisbatan ehtiyotkor bo‘lib qoldi. Biroq ular doimiy kuzatib boradigan blogerning ma’lum mahsulotdan foydalanayotganini ko‘rsa, bunga ko‘proq ishonishadi. Shu bilan birga, barter tizimi atrofida yana bir muhim masala mavjud. Pul aylanmasi bo‘lmagan bunday kelishuvlar ko‘pincha rasmiy hujjatlarsiz amalga oshiriladi. Natijada ular soliq hisobotlarida aks etmaydi. Aynan shu omil ijtimoiy tarmoqlar iqtisodiyotidagi yashirin segmentlarning shakllanishiga sabab bo‘ldi.

Soliq nazorati kuchaymoqda

Ijtimoiy tarmoqlar orqali olinayotgan daromadlar hajmi ortgani sari bu soha davlat e’tiboridan ham chetda qolmadi. Bugun ko‘plab kontent yaratuvchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmoqda. Bu ularga qonuniy faoliyat yuritish, shartnomalar tuzish va rasmiy mehnat stajiga ega bo‘lish imkonini beradi. Yirik kompaniyalar ham reklama bozoridagi talablarni o‘zgartirmoqda. Endilikda ko‘plab brendlar reklama uchun to‘lovlarni faqat rasmiy shartnomalar asosida amalga oshirishni afzal ko‘rmoqda.

Bugungi Instagram marketingi qanday ishlaydi?

Bozor o‘zgargani sari samarali marketing usullari ham yangilanmoqda. Hozirda muvaffaqiyat qozonayotgan brendlar va blogerlar asosan uchta yo‘nalishga tayanmoqda.

Storytelling – reklama emas, hikoya. Foydalanuvchilar oddiy reklama murojaatlaridan charchagan. “Mana shu mahsulotni sotib oling” mazmunidagi videolar ko‘pincha e’tiborsiz qoladi. Buning o‘rniga blogerlar hayotiy voqealar orqali auditoriyani jarayonga jalb qilmoqda. Ular kundalik muammolarini, tajribalarini yoki ma’lum bir mahsulotdan foydalanish natijalarini bosqichma-bosqich ko‘rsatadi. Bunday format reklama ekani bilinib turgan taqdirda ham tomoshabinni o‘ziga tortadi. Hikoya elementi ishonchni oshiradi va mahsulotga qiziqishni kuchaytiradi.

Qisqa videolar bugungi Instagramning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Agar kontent qiziqarli bo‘lsa va auditoriyani ushlab qola olsa, algoritmlar uni kengroq foydalanuvchilar qatlamiga tavsiya qiladi. Bu esa hatto kichik bizneslarga ham katta reklama budjetlarisiz o‘sish imkonini yaratadi. Natijada mobilograf, reels-meyker va kontent ssenariysi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarga talab ortmoqda.

Instagramdagi yana bir muhim tendensiya – ekspert kontentining ommalashuvi. Shifokorlar, yuristlar, psixologlar, moliyaviy maslahatchilar va boshqa mutaxassislar o‘z bilimlarini ulashish orqali auditoriya shakllantirmoqda. Keyinchalik ular shu auditoriya orqali xizmatlar, konsultatsiyalar yoki ta’lim mahsulotlarini taklif qilmoqda.

O‘zbek Instagram iqtisodiyoti qisqa vaqt ichida katta yo‘lni bosib o‘tdi. Giveawaylar davri ortda qolib, bozor tobora professional tus olmoqda. Instagramda oson boyish haqidagi tasavvurlar o‘rnini esa sifatli kontent va auditoriya ishonchiga asoslangan yangi yondashuv egallamoqda.

Теги :
Jamiyat