$
 11818.07
-35.48
 13788.14
-81.7
 141.69
-0.17
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi aholi “uchastkovoy”larga ishonchsizlik bildirishi mumkin bo‘ladi

Profilaktika inspektori

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakat ichki ishlar tizimida muhim o‘rin tutuvchi soha – profilaktika inspektorlari faoliyatini tartibga soluvchi yangi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Palata matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, deputatlar “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi ushbu hujjatni birinchi o‘qishda ma’qullashdi.

Yangi huquqiy maqom

Profilaktika inspektorlari, ya’ni el orasida “uchastkovoy” nomi bilan tanilgan xodimlar uchun alohida qonun qabul qilish zarurati ularning jamiyatdagi o‘rni, vazifasi va vakolatlarini aniq belgilab qo‘yish ehtiyojidan kelib chiqdi. Qonun loyihasida inspektorning huquqiy statusi, uning asosiy majburiyatlari, javobgarlik doirasi hamda xizmatni o‘tashning aniq tartib-qoidalari o‘z aksini topgan.

Hujjatda ilgari surilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri — inspektorlarning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashishga chek qo‘yishdir. Loyihaga ko‘ra, profilaktika inspektorini o‘zining bevosita xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb etish hamda ularning zimmasiga qo‘shimcha funksiyalarni yuklash qat’iyan taqiqlanadi.

Ishonchsizlik tashabbusi

Yangi qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining fuqarolar oldidagi mas’uliyati va hisobdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Belgilangan tartibga muvofiq, inspektor o‘ziga biriktirilgan hududda bajarilgan ishlar bo‘yicha har chorakda mahalla ahli va jamoatchilik vakillari qarshisida hisobot berib boradi.

Shuningdek, hujjatda sohaga mutlaqo yangi amaliyot — fuqarolar tomonidan profilaktika inspektori faoliyatiga nisbatan “ishonchsizlik tashabbusi” bildirish mexanizmini joriy etish taklif etilmoqda. Bu orqali aholining inspektor faoliyatini baholashdagi roli va ta’siri kuchaytiriladi.

Kutilayotgan natijalar

Hujjat nafaqat mas’uliyatni oshirish, balki profilaktika inspektorlarining ijtimoiy va huquqiy himoyasini mustahkamlashni ham nazarda tutadi. Unda xodimlarning sha’ni va qadr-qimmatini davlat tomonidan himoya qilish, ularga munosib mehnat haqi to‘lash, xizmat hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilash kafolatlangan. Bundan tashqari, o‘z xizmatini samarali olib borayotgan inspektorlarni rag‘batlantirish tizimi ham loyihada nazarda tutilgan.

Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu qonunning qabul qilinishi huquqbuzarliklar profilaktikasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Bu har bir mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash, inspektorlarning mas’uliyatini oshirish hamda xodimlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat