Maktab va bog‘chalarda “superinfeksiya” tarqalyaptimi?
Rasmiylar vaziyatga izoh berdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Qish-bahor mavsumida kasalliklarning ko‘payishi tabiiy jarayon, biroq bu yil odamlar orasida vahima yanada kuchli. Ob-havoning keskin o‘zgarishi, immunitetning pasayishi va respirator kasalliklarning odatiy tarqalishi ijtimoiy tarmoqlarda turli mish-mishlarning tarqalishiga sabab bo‘ldi. Rasmiylar esa vaziyatni izohlab, mavjud infeksiyalar odatiy viruslar ekanini aytmoqda.
Vahima qilishga hojat yo‘q
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning so‘zlariga ko‘ra, internetda tarqalayotgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi. Hozirgi respirator kasalliklar mavsumiy o‘sish davrini boshdan kechirmoqda va bu har yili takrorlanadigan holat.
“Vaziyat nazorat ostida, hech qanday yangi va xavfli infeksiya aniqlanmagan”, – deydi Atabekov.
Nega odamlar ko‘proq kasallanyapti?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qish va bahor oralig‘ida har yili O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya) bilan kasallanish holatlari ortadi. Bu yil esa bu jarayon yanada kuchayib, bir qancha omillar bilan izohlanmoqda. Avvalo, ob-havoning keskin o‘zgarishi katta rol o‘ynamoqda. Dastlab anomal issiq kunlar kuzatilgan bo‘lsa, keyinchalik qor yog‘ib, sovuq tushdi. Bunday harorat tebranishlari organizmning moslashish jarayoniga salbiy ta’sir qilib, immunitetni zaiflashtiradi.
Bundan tashqari, qishda havo namligi kamayib, xonalarni shamollatish odatiy holga aylanmaydi. Bu esa viruslarning havoda uzoqroq saqlanishiga va odamlar orasida tezroq tarqalishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ko‘pchilik bunday ob-havo sharoitida faslga mos kiyinmaydi, natijada organizm sovuqqa qarshi yetarlicha himoyalana olmaydi. Bu omillar birlashib, kasallanish holatlarining ortishiga olib kelmoqda.
Kasallikdan qanday himoyalanish mumkin?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirda mamlakatda gripp, paragripp, rinovirus, adenovirus va koronavirus kabi turli respirator kasalliklar tarqalmoqda. Ammo bu holat mavsumiy bo‘lib, noma’lum “superinfeksiya” haqida gapirishga asos yo‘q.
Kasalliklarning oldini olish uchun shifokorlar bir qator profilaktik choralarni tavsiya qiladi. Eng avvalo, kasallanganlar bilan aloqani imkon qadar cheklash va masofa saqlash zarur. Agar odam o‘zi kasal bo‘lsa yoki bemorga g‘amxo‘rlik qilayotgan bo‘lsa, niqob taqishi tavsiya etiladi. Xonalarni muntazam shamollatish va organizmni mustahkamlash uchun vitaminlarga boy ovqatlarni iste’mol qilish ham muhim.
O‘RVI alomatlari odatda burunda qichishish, aksirish va burun oqishi bilan boshlanadi. Keyin esa tomoq qichishishi, quruq yo‘tal va ovoz bo‘g‘ilishi kuzatiladi. Sog‘ayish bosqichida balg‘am ajralishi boshlanib, yo‘tal yengillashadi va umumiy ahvol yaxshilanadi. Shu bois shifokorlar vahimaga berilmaslikni, balki profilaktika choralariga rioya qilishni tavsiya etmoqda.



