147.42
-2.06
$
 11942.21
-47.25
 13743.10
-72.35
weather
+26
Кечаси   +14°

Maktab va OTMlarda yangi tartib: Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi

otm

Prezident yangi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2026-yildan boshlab ta’lim va ijtimoiy xizmatlarni tashkil etishning yangi tartiblari ishga tushiriladi, 2027-yildan esa assistiv qurilmalar vaucher asosida berila boshlaydi. Shuningdek, maktablar va oliy ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’limni kengaytirish, pedagoglar hamda nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish ham nazarda tutilgan.

Bolalarni baholash va qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etiladi

2026-yil 1-sentyabrdan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb etish bo‘yicha “oilabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Endilikda 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ta’lim ehtiyojlari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari huzurida tashkil etiladigan Bolani kompleks baholash guruhlari tomonidan o‘rganiladi va ularga mos ta’lim muassasalari tavsiya etiladi. Mazkur guruhlar faoliyati dastlab 2026-yil 1-oktabrdan Navoiy va Xorazm viloyatlarida sinov tariqasida boshlanadi. Qarorga muvofiq, 2027-yildan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar vaucher asosida eshitish apparati, maxsus texnik vositalar va boshqa assistiv qurilmalar bilan ta’minlanadi. Bu ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish va kundalik hayotini yengillashtirishga xizmat qiladi.

Maktablarda inklyuziv ta’lim uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida har bir bola uchun uning funksional imkoniyatlari, bilim darajasi va ehtiyojidan kelib chiqib individual ta’lim rejasi ishlab chiqiladi. Davlat maktablarida faoliyat yuritayotgan har bir ko‘zi ojiz pedagog uchun shaxsiy assistent — tarjimon-kotiba shtati ajratiladi. Ruhiy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar tahsil olayotgan maktab hamda maktab-internatlarning 1–2-sinflarida esa assistent-o‘qituvchi lavozimi joriy qilinadi. Korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir o‘quvchi uchun subsidiya beriladi. Uning miqdori Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 11 baravari, viloyatlar markazlari va Nukus shahrida 9,5 baravari, qolgan tuman va shaharlarda esa 8,5 baravarini tashkil etadi. Bundan tashqari, har yili kamida 50 ta davlat maktabiga inklyuziv ta’lim sharoitlarini yaxshilash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha “Inklyuziv ta’lim muhiti” granti ajratiladi.

Imtihonlarda qo‘shimcha vaqt beriladi

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida, nogironligi bo‘lgan pedagoglar esa attestatsiya va milliy sertifikat sinovlarida belgilangan vaqt me’yorining 50 foizigacha qo‘shimcha vaqt olish huquqiga ega bo‘ladi. Ular uchun Brayl alifbosidagi, audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyati ham yaratiladi. Shu bilan birga, yangi o‘quv yilidan davlat oliy ta’lim muassasalarida maqsadli qabul asosida eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga xorijiy tillarni o‘rgatadigan mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Yangi choralar nogironligi bo‘lgan bolalar va pedagoglarning sifatli ta’lim olishi, bilimini adolatli baholash hamda jamiyat hayotida teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.

Теги :
Jamiyat