$
 12092.87
16.89
 13824.57
24.14
 157.13
-0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

“Trollar guruhi” tergovi nima sababdan kechikmoqda?

IIV

Ichki ishlar vazirligi tomonidan 14-iyul kuni vazirlikning 2026-yil dastlabki olti oyi davomidagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Mazkur tadbirda vazir o‘rinbosari — Tergov departamenti rahbari Ramazon Ashropov hamda vazirlikning boshqa sohaviy xizmatlari rahbarlari ishtirok etdi. Unda Toshkent viloyati hokimining sobiq matbuot kotibi ismi aralashgan shov-shuvli “trollar guruhi” ishi bo‘yicha tergov jarayonlari nega hanuz yakuniga yetmayotgani masalasi ko‘tarildi.

Jamoatchilik faoli Feruza Babashevaning ma’lum qilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining kiberxavfsizlik bo‘linmasi mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi. Tergov harakatlari doirasida gumonlanuvchilar so‘roq qilingan hamda ijtimoiy tarmoqlarda tizimli ravishda faoliyat olib borgan yirik guruh fosh etilib, ularning harakatlariga chek qo‘yilgan. Shunga qaramay, oradan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ish sud idoralariga taqdim etilmagan.

Mansabdor shaxs daxlsizligi gumonlarni ko‘paytirmoqda

Jurnalistlar va jamoatchilik vakillari tergov jarayonining bunday uzoq muddatga cho‘zilib ketayotganini ishda bevosita viloyat hokimligining sobiq vakili — Toshkent viloyati hokimining o‘sha paytdagi matbuot kotibi nomi aylanayotgani bilan bog‘lashmoqda. Matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi vakillariga tergovning sekinlashishiga aynan shu omil sabab bo‘lgan-bo‘lmagani haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol berildi.

Vazirlikning munosabati

Ichki ishlar vazirligi mutasaddisi berilgan savolga javoban mamlakatda hech qaysi jinoyat ishi sun’iy ravishda to‘xtatib turilmasligini alohida ta’kidladi. Vazirlik vakilining qayd etishicha, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganining o‘zi shaxsning aybdor ekanini anglatmaydi va uning qilmishiga huquqiy baho faqatgina tergov harakatlari to‘liq yakunlangach beriladi.

OAV vakillari jinoyat ishi allaqachon rasman ochilganini eslatib o‘tganlaridan so‘ng, IIV rasmiysi mazkur matbuot anjumani alohida olingan aniq ishlar tafsilotini muhokama qilish maydoni emasligini ro‘kach qildi. U vaziyatga aniqlik kiritish va ish yuzasidan yakuniy qaror qabul qilingan yoki qilinmaganini bilish uchun tergov organlariga rasmiy ravishda yozma murojaat yo‘llashni maslahat berish bilan cheklandi.

Natijada, Ichki ishlar vazirligi shov-shuvli jinoyat ishi hozirgi kunda tergovning qaysi bosqichida ekani, jarayonning cho‘zilishi sabablari hamda tergov doirasida aynan kimlarga qanday protsessual maqom berilganiga doir aniq va ochiq ma’lumotlarni taqdim etmadi.

Теги :
Jamiyat