$
 12915.07
15.07
 14659.90
64.84
 156.43
-0.89
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

O‘zbekiston Xalqaro Olimpiadadan chetlatildi

IBO

O‘zbekiston 2024-yilgi Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatilib, olimpiadada ishtirok etgan barcha o‘quvchilarning natijalari bekor qilindi. Bu haqida Xalqtaliminfo.uz nashri xabar beradi.

Qoidalarga rioya qilinmagan

Nashr axborotida qayd etilishicha, O‘zbekiston IBO‘ga a’zo davlatlar ro‘yxatidan ham chiqarib yuborilgan va bu qaror IBO boshqaruv kengashi tomonidan ham qabul qilingan. Bunga esa O‘zbekiston delegatsiyasining qoidalarga rioya qilinmagani sabab qilib keltiriladi. Ushbu voqea O‘zbekistonning kelgusidagi ishtirokini ham xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Xalqtaliminfo.uz nashriga intervyu bergan (ismining ochiqlanishini istamagan) mutaxassisning ta’kidlashicha, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan qoidalarga zid harakatlar aniqlangan, ya’ni olimpiada jarayonida o‘zbekistonlik ishtirokchilar tomonidan akademik halollik tamoyillari buzilgan. Ya’ni, Xalqaro biologiya olimpiadasining asosiy tili ingliz tili bo‘lishiga qaramay, ishtirokchilar topshiriqlarni o‘z ona tilida bajarish imkoniyati yaratib berilgan.

Qoidabuzarlik ikkinchi bor takrorlamoqda

Aniqlik kiritilishicha, 2024-yilning 7-14-iyul kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan olimpiadada bir nafar o‘zbekistonlik o‘quvchining tarjima qilish jarayonida test topshiriqlariga maxsus belgilar qo‘yilgani ma’lum bo‘lgan. IBO boshqaruv kengashi bu qarorni birdaniga qabul qilmagan. Sababi, O‘zbekiston delegatsiyasining 2010-yilda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Xalqaro biologiya olimpiadasidagi ishtirokida ham xuddi shunday holat kuzatilgan va o‘shanda ham o‘quvchilarning natijalari bekor qilib yuborilgan edi. Aynan bunday holatning ikki marta qaytarilishi O‘zbekistonning IBO‘ga a’zo davlatlar ro‘yxatidan chiqarib yuborilishiga asosiy sabab bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

 Halollik tamoyillari

“Hech kimga sir emaski, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan ba’zi olimpiada, tanlov va musobaqalarda ham akademik halollik tamoyillarining buzilishi holatlari uchrab turadi. Bu esa nafaqat tanlovlarning adolatliligiga, balki ta’lim tizimining umumiy nufuziga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Afsuski, halollik tamoyillarining buzilishi o‘quvchilar orasida mehnat va bilim orqali emas, balki aldov va firibgarlik orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin deb o‘ylashlariga sabab bo‘lmoqda. Buning ayanchli oqibatini esa ko‘rib turibmiz”, deyiladi xabarda.

Xalqaro fan olimpiadalari

Xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari asosan aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida har yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Ular fanlar nomiga mos ravishda IMO, ICHO, IBO, IPHO, IOI kabi nomlar bilan tashkil qilinadi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari 2017-yildan buyon IMO, ICHO, IBO, IPHO, IOI kabi xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelishadi. Shu vaqt davomida o‘quvchilar 4 ta oltin, 13 ta kumush va 20 ta bronza – jami 37 ta medalni qo‘lga kiritishgan. 2017-yilda mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda jami 37 nafar o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 308 nafarga yetgan.