$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi bolalarni tashish qoidasini buzganlar haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi mumkin

bolalar

O‘zbekistonda bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik va haydovchilik huquqidan mahrum qilishni joriy etish taklif etilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Bosh prokuratura tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Jazo qanday?

Hujjat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 128−11-moddani (bolalarni tashish hamda bolalarni tashishni tashkil etish qoidalarini buzish) kiritishni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra, bolalarni tashish qoidalarini buzish transport vositalarini boshqarish huquqidan 1 yildan 3 yilgacha mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 30 baravari (12,36 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar bunday qoidabuzarlik haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan yoki boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxs tomonidan sodir etilsa, unga 50 BHM (20,6 mln so‘m) miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘llash taklif etilmoqda.

Bolalarni tashishni tashkil etish qoidalarini buzganlik uchun ham alohida javobgarlik joriy etilmoqda. Bunday huquqbuzarlik uchun 30 BHM miqdorida jarima qo‘llash taklif etilgan. Agar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida qoidabuzarlik takrorlansa, jarima miqdori 50 BHMgacha oshirilishi mumkin.

Bolalar ulushi yuqori

Hujjatda qayd etilishicha, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, yo‘l-transport hodisalaridan jabrlanayotganlar orasida bolalar ulushi yuqoriligicha qolmoqda (bunda YTH statistikasi keltirilmagan). Sabablardan biri sifatida voyaga yetmaganlarni tashishda xavfsizlik talablariga rioya etilmayotgani ko‘rsatilgan.

Bosh prokuratura amaldagi qonunchilikda bunday qoidabuzarliklar uchun aniq va samarali javobgarlik choralarining yetarli darajada nazarda tutilmaganini, bu esa ularning keng tarqalishiga xizmat qilayotganini ta’kidlagan.

Теги :
Jamiyat