$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Paynet “Humo” to‘lov tizimini 65 million dollarga sotib oldi

Humo

“Milliy banklararo protsessing markazi” AJning (MBPM) asosiy aktivlaridan biri bo‘lgan “Humo” to‘lov tizimi xususiylashtirilib, uni “Paynet” AJ 65 million AQSH dollari evaziga sotib oldi. Ushbu savdo O‘zbekistonning davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturi doirasida amalga oshirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar bermoqda.

Savdo tafsilotlari

Xususiylashtirish jarayonida xalqaro konsalting kompaniyasi Deloitte tomonidan “Milliy banklararo protsessing markazi” AJning moliyaviy, huquqiy, va ekologik holati bo‘yicha batafsil tahlil o‘tkazildi. Savdoning yakuniy bosqichida uch nafar talabgor ishtirok etdi va eng yuqori taklifni bildirgan “Paynet” AJ savdo g‘olibi bo‘ldi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xabariga ko‘ra, “Paynet” tomonidan taklif etilgan 65 million dollarlik narx xalqaro baholovchilar — KPMG tomonidan aniqlangan qiymatdan yuqori bo‘lgan. Bu kelishuv davlat aktivlarining qiymatini oshirish borasida muvaffaqiyatli qadam sifatida e’tirof etildi.

Paynet kimniki?

“Paynet” AJ O‘zbekistonda 18 yildan beri moliyaviy texnologiyalar sohasida faoliyat yuritib kelayotgan yirik kompaniya bo‘lib, yillik 20 milliondan ziyod foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatadi. Mazkur kelishuvga ko‘ra, kompaniya “Humo” to‘lov tizimining barqaror ishlashini ta’minlash, tizim foydalanuvchilarining shaxsiy va bank ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z zimmasiga qo‘shimcha majburiyatlarni olgan.

“Paynet” AJning 100% ulushi “New Industrial Technologies” MChJga tegishli. Bu kompaniya 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning ta’sischilari Aleks Li (60%) va Mustafa Abdurahmonov (40%) hisoblanadi.

Mustafa Abdurahmonov O‘zbekiston moliya sektorida taniqli shaxslardan biri bo‘lib, u “Asia Alliance Group”ning 77,6% aksiyalariga ega. “Asia Alliance Group” esa “Asia Alliance Bankning asosiy aksiyadori hisoblanadi.

“Paynet” kompaniyasining moliyaviy texnologiyalar bozoridagi yetakchilik pozitsiyasi uning ta’sischilari va aksiyadorlarining moliya sohasidagi tajribasi bilan bog‘liq. Mazkur sharoitda “Humo” to‘lov tizimini sotib olish orqali “Paynet” o‘zining xizmatlar doirasini kengaytirish va bozor pozitsiyasini mustahkamlashni rejalashtirmoqda.

8 ta kompaniya o‘rtasida raqobat

Eslatib o‘tamiz, avvalroq HUMO to‘lov tizimini xususiylashtirish jarayoni 2024-yil aprel oyida e’lon qilingandi. Xususiylashtirish bo‘yicha dastlab 6 ta kompaniya qiziqish bildirgan, ammo jarayonning so‘nggi bosqichida Qozog‘istonning Kaspi fintex kompaniyasi ishtirokdan voz kechganini ma’lum qilgan edik.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot