$
 12741.02
-16.92
 14062.26
-63.33
 134.38
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

HUMO auksionga chiqmoqda, da'vogar kompaniyalar soni 6 ta

Humo

O‘zbekiston Milliy banklararo protsessing markazining (HUMO to‘lov tizimi) 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha auksionda ishtirok etish uchun sakkizta xorijiy va o‘zbekistonlik kompaniya ariza berdi, deb xabar qildi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Olti nafar talabgor barcha talablarga javob beradi

Tahlil natijalariga ko‘ra, olti nafar talabgor barcha talablarga javob berishi aniqlanib, xususiylashtirishning keyingi bosqichiga o‘tishga ruxsat berildi.

Endilikda ular 2024-yil 15-noyabr Toshkent vaqti bilan soat 23:59 ga qadar “E-auksion” elektron platformasi orqali majburiy takliflarni yuborishlari va o‘zlarining majburiy narx takliflari summasining kamida 1 foizi miqdorida kafolat to‘lovini amalga oshirishlari kerak.

HUMO qanchaga baholangan?

Uch bosqicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan savdo jarayonining birinchi bosqichi 22-avgustda yakuniga yetgan. Xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi sifatida “Deloitte” konsalting kompaniyasi jalb qilinganligi esa hech kimga sir emas.

Investitsion bankir HUMO O‘zbekiston uchun strategik obyekt ekanligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, to‘lov tizimi aktivlarining rentabelligi ayrim banklarnikiga nisbatan sezilarli darajada yuqori. Joriy yilning birinchi yarmida HUMOning sof foydasi 71,7 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

“Mazkur ma’lumotlar va HUMOning moliyaviy ko‘rsatkichlariga asoslanib, men barcha risklarni hisobga olgan holda HUMOni $60 mln.dan ortiq baholashni taklif qilishim mumkin”, — deya ta’kidlagan mutaxassis Muzaffar Roziqov.

Yana bir mutaxassis Yodgor G‘ofurov ta’kidlaganidek, “Agar biz HUMOning minimal qiymati haqida gapiradigan bo‘lsak, ularning joriy va prognoz moliyaviy ma’lumotlariga ega bo‘lmasak va qiyosiy multiplikatorlarni qo‘llamasak, biznesning indikativ minimal qiymati hech bo‘lmaganda $80 mln. bo‘lishi mumkin”.

Savdoga qozoq kompaniyasining aralashuvi

Shuningdek, Qozog‘istonning Kaspi fintex kompaniyasi HUMO to‘lov tizimining operatori bo‘lgan “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushining kimoshdi savdosida ishtirok etish istagini bildirgan.

Tegishli xat O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligining maslahatchisi sifatida faoliyat yurituvchi Deloitte xalqaro kompaniyasiga yuborilgan.

Forbes.kz nashrining kompaniya rahbari va hammuassisi Mixail Lomtadzega tayanib yozishicha, kompaniya HUMO to‘lov tizimining joriy biznes modelini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

“Biz naqd pulsiz to‘lovlar o‘sishiga turtki beradigan va iqtisodiyot rivojlanishiga hissa qo‘shadigan to‘lov texnologiyalari hamda xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha ulkan tajribamizga tayanib, HUMO to‘lov tizimining joriy biznes modelini ishlab chiqishni rejalashtirmoqdamiz,” – degan Mixail Lomtadze.

Shuningdek, u kompaniya O‘zbekistonda texnologiya va xodimlarga katta sarmoya kiritishni reja qilayotgani, bu esa to‘lov xizmatlarini barcha ishtirokchilar uchun yanada qulayroq qilishiga ishonishini bildirgan.

Xususiylashtirish masalasi qachon tasdiqlangan?

Joriy yilning 22-iyul Davaktiv HUMOning ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga muvofiq xususiylashtirishning muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida savdo jarayonlari boshlanganligini eʼlon qilgan.

Ma’lumot uchun, “Milliy banklararo protsessing markazi” 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan HUMO to‘lov tizimi ishga tushirilgan. HUMOda 27 million dona HumoCard muomalaga chiqarilgan, 6 400 ta bankomat va 210 mingdan ortiq terminallar mavjud.

Kompaniyaning ustav kapitali 155,4 milliard so‘mni (12,4 million dollar) tashkil etadi.

Теги :
Жамият