$
 11937.89
-10.69
 13769.16
-24.28
 141.76
-2.53
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyo neftining 20 foizi o‘tadigan bo‘g‘oz: Tramp uni AQSh hududi deb e’lon qilmoqchi

hormuz

AQSh Prezidenti Donald Tramp 14-avgust kuni Nyu-Yorkdagi chiqishida Hormuz bo‘g‘ozini AQSh hududi deb e’lon qilishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bo‘g‘oz hozir Amerika harbiy-dengiz kuchlari nazoratida va AQSh istamasa, u yerdan hech bir kema o‘ta olmaydi. Tehron esa bunga javoban bo‘g‘ozni ochish yoki yopish masalasini faqat Eron hal qilishini bildirdi.

Tramp Hormuzni AQSh hududi deb e’lon qilmoqchi

Donald Tramp Nyu-Yorkdagi chiqishida AQSh Eron ustidan g‘alaba qozonganidan keyin Hormuz bo‘g‘ozining maqomi bo‘yicha yangi qaror qabul qilishi mumkinligini aytdi. U yaqin orada bo‘g‘ozni AQSh hududi deb e’lon qilish niyatida ekanini ham ma’lum qildi.

“Yaqin orada Hormuz bo‘g‘ozini AQSh hududi deb e’lon qilaman. Aslida ham shunday. Bo‘g‘oz ustidan blokada o‘rnatilgan va biz istamasak, hech bir kema o‘ta olmaydi”, degan Tramp.

Bu uning Hormuz bo‘yicha birinchi keskin bayonoti emas. Avvalroq AQSh prezidenti bo‘g‘oz minalardan to‘liq tozalanganini va hudud 100 foiz Amerika harbiy-dengiz kuchlari nazoratida ekanini ma’lum qilgan edi.

Eron: Hormuzni ochish yoki yopishni faqat biz hal qilamiz

Trampning bayonoti AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlanayotgan bir paytda yangradi. Tehron bo‘g‘ozni to‘liq ochish uchun Vashington oldiga bir qator talablarni qo‘ymoqda. Eron AQShdan urush oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplash, sanksiyalarni bekor qilish va muzlatilgan aktivlarini qaytarishni talab qilmoqda.

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy ham Trampning so‘zlariga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Hormuz bo‘g‘ozini ochish yoki yopish masalasi faqat Eron vakolatiga kiradi. Shu sabab Vashingtonning bo‘g‘oz ustidan nazorat o‘rnatilgani haqidagi bayonotlari Tehron pozitsiyasiga mutlaqo zid.

Ikki tomonning bayonotlaridan ko‘rinib turibdiki, Hormuz masalasi AQSh va Eron o‘rtasidagi asosiy tortishuvlardan biriga aylangan. Bir tomon bo‘g‘ozni o‘z harbiy nazoratida deb ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomon u yerdagi harakat bo‘yicha qaror qabul qilish huquqi o‘ziga tegishli ekanini ta’kidlamoqda.

Hormuzdagi vaziyat neft narxlariga ta’sir qilmoqda

Hormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi bilan bog‘laydigan strategik suv yo‘li hisoblanadi. Uning ahamiyati, avvalo, neft tashish hajmi bilan bog‘liq. Dunyo bozoriga yetkazib beriladigan neftning qariyb 20 foizi shu yo‘nalish orqali tashiladi.

Shu sabab bo‘g‘ozda kemalar harakatining cheklanishi yoki xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar xalqaro energiya bozoriga tez ta’sir qiladi. Urush boshlanganidan buyon Hormuzdagi cheklovlar energiya narxlarining oshishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Bo‘g‘ozning to‘liq yopilishi yoki kemalar qatnovining yanada cheklanishi neft yetkazib berish zanjiriga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Shu bois Trampning Hormuzni AQSh hududi deb e’lon qilish haqidagi bayonoti faqat AQSh va Eron o‘rtasidagi siyosiy tortishuv emas, balki jahon energetika bozori uchun ham muhim masala bo‘lib turibdi.

Теги :
Jamiyat