$
 11975.36
-98.06
 14020.75
-113.6
 162.91
-1.56
weather
+26
Кечаси   +14°

“Hormuz”da to‘polon: Kemalar qo‘lga olindi

Hormuz

Dunyo neftining katta qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi atrofida vaziyat yanada taranglashib bormoqda. BAA yaqinida turgan bir kema noma’lum odamlar tomonidan egallab olinib Eron tomonga olib ketildi. Oman yaqinida esa hind yuk kemasi hujumdan keyin cho‘kib ketdi. Bu voqealar AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar murakkablashgan, neft narxlari oshgan va Yaqin Sharqdagi urush xavfi kuchaygan paytda sodir bo‘ldi.

BAA yaqinidagi kema noma’lum odamlar tomonidan olib ketildi

Britaniyaning UKMTO dengiz savdosi markazi ma’lum qilishicha, BAAning muhim neft portlaridan biri bo‘lgan Fujayra yaqinida turgan kema noma’lum qurollangan shaxslar tomonidan egallab olingan. Kema keyinchalik Eron suvlariga qarab harakatlangani aytilmoqda.

Hozircha kemani aynan kim olib ketgani rasman ma’lum qilinmagan. Lekin hodisa Eron rasmiylari Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘zlarida ekanini yana bir bor ta’kidlaganidan keyin yuz berdi. Eronning ayrim amaldorlari esa AQSh bilan bog‘liq tankerlarni qo‘lga olishga haqlimiz deb bayonot bergan.

Oman yaqinida hind kemasi cho‘kib ketdi

Shu bilan bir paytda Oman yaqinida Hindiston bayrog‘i ostida harakatlangan “Haji Ali” yuk kemasi ham hujumga uchradi. Kema Somaliydan BAAning Sharja portiga ketayotgan paytda bortda yong‘in chiqqan va oxir-oqibat cho‘kib ketgan.

Hindiston transport vazirligi vakili Mukesh Mangalning aytishicha, hodisa chorshanba kuni sodir bo‘lgan. Kemadagi 14 nafar hind ekipaj a’zosi Oman qirg‘oq qo‘riqchilari tomonidan qutqarib qolingan va ularning barchasi xavfsiz joyga olib chiqilgan.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi bu hujumni “qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deb atadi va fuqarolik kemalariga hujumlarni qoraladi. Lekin hujum ortida kim turgani hozircha ochiqlanmadi.

Hormuz bo‘g‘ozi dunyo iqtisodiyotiga bosim qilmoqda

Urush boshlanishidan oldin dunyo neftining qariyb beshdan bir qismi aynan Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashilgan. Shu sabab bu hududdagi har qanday keskinlik neft narxlariga va global iqtisodiyotga darhol ta’sir qilmoqda.

AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda ham aynan shu bo‘g‘oz eng katta muammolardan biriga aylangan. Eronning bo‘g‘oz ustidan nazoratni kuchaytirishga urinishi dunyo bozorida xavotirni yanada oshirgan.

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp va Si Szinpin Pekindagi uchrashuvda Hormuz bo‘g‘ozi xalqaro kemalar uchun ochiq qolishi kerak degan fikrga kelgan.

AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyat yanada chuqurlashmoqda

Bir hafta oldin AQSh harbiylari Eronning bir nechta tankerlariga qarata o‘q uzib, ularni harakatsiz holatga keltirgandi. AQSh bu tankerlar Eron portlari blokadasini buzishga uringanini aytgan.

Eron esa bunga javoban yangi muzokaralarni boshlash uchun beshta talab qo‘ydi. Ular orasida urush uchun kompensatsiya to‘lash va Hormuz bo‘g‘ozi ustidan Eron suverenitetini rasman tan olish ham bor.

Eron vitse-prezidenti Muhammadrizo Orif davlat televideniyesida “Hormuz har doim bizniki bo‘lgan va biz uni hech qachon bermaymiz”, deb bayonot berdi.

Xitoy kemalari uchun alohida yo‘lak ochilgani aytilmoqda

Eronning yarim rasmiy nashrlari yozishicha, Xitoy tashqi ishlar vaziri va Pekinning Tehrondagi elchisi so‘rovlaridan keyin Eron Xitoy kemalari uchun alohida tartib joriy qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy kemalari Tramp Pekinga yetib kelgan kechaning o‘zida yangi Eron protokollari asosida Hormuz bo‘g‘ozidan o‘ta boshlagan. Ekspertlar bu holat Xitoyning mintaqadagi ta’siri kuchayib borayotganini ko‘rsatishini aytmoqda.

Netanyaxuning yashirin tashrifi ham shov-shuv bo‘ldi

Kema olib ketilgani haqidagi xabarlar Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu BAAga yashirin tashrif buyurganini aytganidan bir necha soat o‘tib tarqaldi. BAA esa bu tashrif bo‘lganini tezda inkor etdi.

Eslatib o‘tamiz, BAA va Isroil 2020-yilda munosabatlarni normallashtirgandi. Eron esa o‘shandan beri Isroil BAA hududida harbiy va razvedka faoliyatini olib borayotganini da’vo qilib keladi.

Tel-Avivdagi tadqiqotchi Yoel Guzanskiyning fikricha, Netanyahu bu uchrashuvni saylovlar oldidan siyosiy qo‘llab-quvvatlov yig‘ish uchun oshkor qilgan bo‘lishi mumkin.

AQSh harbiylari Eron tahdidlarini jiddiy qabul qilmoqda

AQShning Yaqin Sharqdagi eng yuqori harbiy qo‘mondoni admiral Bred Kuper Eron armiyasi ancha zaiflashganini aytdi. Lekin uning fikricha, Tehronning tahdidlari xalqaro yuk tashish va sug‘urta kompaniyalariga katta bosim qilmoqda.

U AQSh istasa Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ochib, kemalarni harbiy himoya bilan kuzata olishini aytdi. Ammo ayni paytda juda nozik muzokaralar ketayotgani sabab ehtiyotkorlik bilan harakat qilinayotganini ta’kidladi.

Теги :
Jamiyat