$
 11936.89
-51.43
 13769.20
-53.33
 151.56
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

Tugʻilmasdan “oʻldirilayotganlar”: Iflos havo homiladorlarga kuchliroq ta’sir qiladi

homila

Bir necha kunlardan buyon ijtimoiy tarmoqlarda iflos havoning insonlar salomatligiga salbiy taʼsiri haqida bong urilmoqda. Darhaqiqat, bunday muhit kislorod yetishmasligi, astma, allergiya, nafas yoʻllari kasalliklari hatto oʻpka rakiga ham olib kelishi mumkin. Ammo yana bir toifa borki, ularga ifloslangan havo ikki karra koʻproq zarar beradi. Bu — homilador ayollar. Bugungi kunda yurtimizda hatto ona qornidagi homila ham tugʻilmasdan turib tahdid ostida qolmoqda...

Nega homilador ayollar ko‘proq xavf ostida?

Homiladorlik davrida ayolning kislorodga bo‘lgan ehtiyoji ikki baravar koʻpayadi. Nafas olish tezligi oshadi, yurak-qon tomir tizimi faoliyati kuchayadi. PM2,5 va PM10 zarrachalari shu darajada kichkinaki, nafas olish orqali o‘pkaga osongina tushadi. O‘pka devoridan esa qonga o‘tib ketadi va butun organizmga tarqaladi. Homilador ayollarda homila aynan ayolning qoni orqali oziqlanadi, shuning uchun qonga tushgan zararli zarrachalar homilagacha tezda yetib boradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, homilador ayol organizmidagi himoya mexanizmlari iflos havo bilan kurashishda odatdagidan kuchsizroq bo‘ladi. Natijada tanaga kirgan chang, tutun, kimyoviy zarralar va og‘ir metall ionlari ko‘proq zarar yetkazadi.

Homilaga ta’siri

Atmosferaga chiqayotgan asosiy zararli moddalar: PM2.5 va PM10 zarrachalari, azot dioksidi, oltingugurt oksidi, uglerod oksidi, benzol kabi kimyoviy birikmalar homila rivojlanish jarayonida quyidagi muammolarga sabab bo‘lishi mumkin:

1. Erta tug‘ruq xavfi

Havosi iflos hududlarda yashovchi homilador ayollarda erta tug‘ilish ehtimoli sezilarli darajada yuqori bo‘lishi aniqlangan. Ayniqsa PM2.5 zarrachalar uzoq muddat ta’sir etganda bachadon ichki muhitining barqarorligi buzilib, erta tug‘ruqni keltirib chiqarishi mumkin.

2. Homila vaznining kamayishi

Ko‘plab ilmiy izlanishlar iflos havo homila vaznining me’yordan past bo‘lib tug‘ilishiga olib kelishini tasdiqlaydi. Kislorod yetishmovchiligi va platsentada qon aylanishining sekinlashishi homila o‘sishiga to‘sqinlik qiladi.

3. Platsenta faoliyatining buzilishi

Zararli zarralar ona qoni orqali platsentaga o‘tib, uning to‘siq vazifasini zaiflashtirishi mumkin. Bu esa homilaga kerakli ozuqa moddalarining yetib borishini kamaytiradi.

4. Nevrologik rivojlanishdagi o‘zgarishlar

Ba’zi tadqiqotlarda iflos havo bilan uzoq muddatli ta’sir chaqaloqlarda:

diqqat yetishmovchiligi;

o‘smirlik davrida kognitiv qiyinchiliklar,

autizm spektri buzilishi xavfini orttirishi mumkinligi aniqlangan.

5. Tana tizimlariga ta’sir

Havo iflosligi homilador ayollarda:

qon bosimining oshishi,

preeklampsiya,

qandli diabet xavfining kuchayishi,

immunitetning susayishi kabi holatlarga ham sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar bevosita homilaga ham ta’sir qiladi.

Homilador ayollar qanday choralar ko‘rishi kerak?

1. Havo sifati past bo‘lgan kunlarda ko‘chaga chiqishni cheklash. 

2. Uyni muntazam shamollatish, ertalab va kechqurun havoning nisbatan toza vaqtlarida.

3. Havo tozalagichlardan foydalanish.

4. Tibbiy niqob taqish. Ayniqsa, PM2.5 ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan davrlarda N95 yoki KN95 niqoblari tavsiya etiladi.

5. Vitamin va antioksidantlarga boy ovqatlanish.

6. Shifokor kuzatuvini kuchaytirish.

Теги :
Jamiyat