$
 12019.27
32.97
 13984.42
46.75
 165.65
2.04
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent hokimligi xodimlariga ichkilikbozlik, qimmatbaho sovg‘a olish va qimor taqiqlandi

Mansabdor

Toshkent shahar hokimining 15-may kungi farmoyishi bilan hokimlik hamda tizim tashkilotlari xodimlarining yangi odob-axloq qoidalari tasdiqlandi. Hujjatda davlat xizmatchilarining xizmat faoliyati va ishdan tashqari vaqtdagi xulq-atvori, jamoatchilik bilan munosabatlari hamda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha talablar belgilangan.

Farmoyishga ko‘ra, xodimlar qonuniylik, halollik, xolislik, xizmat sirini saqlash, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda davlat va jamiyat manfaatlariga sodiq bo‘lish tamoyillari asosida ishlashi kerak. Shuningdek, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomalalik, hurmat va vazminlikka amal qilinishi belgilangan.

Tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, hokimlik xodimlariga maishatbozlik, ichkilikbozlik, dabdababozlik va qimor o‘yinlariga yo‘l qo‘ymaslik talabi qo‘yildi. Bundan tashqari, davlat xizmatiga oid masalalarni rasmiy e’lon qilinmagan holda muhokama qilish, qimmatbaho sovg‘alar olish, xizmat guvohnomasi yoki xizmat avtomobilidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish ham taqiqlanmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat

Hujjatda ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xodimlarga davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilmaslik, axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishi mumkin bo‘lgan materiallarni joylashtirmaslik talabi qo‘yilgan.

Farmoyish bilan Toshkent shahar hokimligining Odob-axloq komissiyasi ham tashkil etildi. Mazkur komissiya xodimlarning odob-axloq qoidalariga rioya etishini nazorat qiladi, murojaatlarni ko‘rib chiqadi va zarur hollarda intizomiy choralar qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritadi.

Qoidalarga ko‘ra, xodimlar korrupsiyaga oid holatlar yoki qonunbuzarliklar haqida rahbariyat va ichki nazorat xizmatiga zudlik bilan xabar berishi shart bo‘ladi. Rahbarlarga esa bo‘ysunuvchilarga qo‘pol muomala qilmaslik, favoritizm va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik majburiyati yuklatilgan.

Shuningdek, hujjatda davlat xizmatchilarining tashqi ko‘rinishi, kiyinish madaniyati, telefon orqali muomala qilish tartibi va xizmat intizomiga oid talablar ham belgilab qo‘yilgan. Odob-axloq qoidalarini buzgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish, tanbeh yoki boshqa intizomiy choralar qo‘llanishi mumkin.

Теги :
Jamiyat