10 ta tuman va shahar hokimlari ishdan olindi
Ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun yana 28 nafar rahbarga intizomiy jazo qo‘llanildi.
1 daqiqa o‘qiladi

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, bugun bo‘lgan yig‘ilishda O‘zbekistondagi bir necha tumanlarning hokimlarini ishdan olish bo‘yicha bosh vazir bildirgan takliflar qo‘llab-quvvatlandi.
Ishdan olingan hokimlar
Qayd etilishicha, ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 28 nafar tuman va shahar hokimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Qorao‘zak, Taxiatosh (ikkisi Qoraqalpog‘iston), Uchquduq (Navoiy), Toshkent (Toshkent viloyati), Furqat (Farg‘ona viloyati), Gurlan, Yangiariq (ikkisi Xorazm), Mirzaobod (Sirdaryo), Mingbuloq (Namangan) tumanlari, G‘ozg‘on shahri (Navoiy) hokimlari esa ishdan ketdi.
Erishilayotgan yutuqlar
Hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari O‘zbekiston erishgan yutuqlarga to‘xtaldi.
“Yutuqlarimiz haqida ko‘p gapirish mumkin. Biz qiyin global sharoitlarga qaramay, barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida aniq natijalarga erishmoqdamiz. Buni Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, hamkor davlatlar rahbarlari, reyting tashkilotlari, yirik investorlar ham e’tirof etmoqda”, — dedi prezident.
Bunga munosib hissa qo‘shayotgan tarmoq, viloyat va tumanlarga, tadbirkorlarga alohida minnatdorlik bildirildi.



