$
 12670.05
37.83
 13560.75
82.17
 138.00
3.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent viloyati hokimining “Tosh asri” tashabbusi

stone age

Bugun ijtimoiy tarmoqlar bir xabar bilan to‘ldi: Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev “Telefonsiz maktab” loyihasini faol qoʻllab-quvvatlagani uchun Angren shahridagi 17-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga 300 million soʻm pul mukofotini topshirdi.

Bir qarashda chiroyli eshitiladigan, barchaga birdek yoqadigan gap. Axir maktab o‘quvchilari telefon o‘ynab, darsga e’tibor bermayotgan edi. O‘qituvchilarda ham xuddi shu hol. Endi ushbu tashabbus ortidan o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham maktabga telefon olib kelmaydi, dars sifati yaxshilanib, o‘quvchilar bilim olishga tashna boְְ‘la boshlaydi, viloyat maktablari bilim darajasi bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarga chiqib olsa ham ajab emas.

Ammo tanganing ikkinchi tomonichi? Shundoq ham qonunchilikda maktab hududida telefondan foydalanish tartib-qoidalari belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, alohida tashabbuslarga nima ehtiyoj bor? Agar tartib o‘zini oqlamayotgan bo‘lsa, respublika bo‘ylab tizimni o‘zgartirish kerakdir? Va eng so‘ngi masala, bu pullar kimning hisobidan ajratilyapti? Xalqning puli bo‘lgan davlat byudjetidanmi yoki hokimning o‘z cho‘ntagidan? Agar davlat byudjetidan bo‘lsa, hokimning shaxsiy qarash va tashabbuslari, qo‘pol qilib aytganda, populistik chiqishlari uchun xalqning pulini sarflash vakolati bormi? Keling, avval bu tashabbus qayerdan kelib chiqqanini bir ko‘rib chiqsak.

Telefon hammani buzadi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 27-fevral kuni viloyat xalq ta’limi kengashining Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida maktabda telefondan foydalanishni tanqid qilib, ota-onalar bilan kelishilgan holda o‘quvchi va o‘qituvchilarga maktab hududida telefondan foydalanishni taqiqlash zarurligini ta’kidlagan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablarda telefondan foydalanishni cheklash tashabbusi bilan bironta ham maktab rahbari chiqmagan. Hokim o‘qituvchilarning maktabda telefondan foydalanishi taqiqlansa, ularning asablari joyiga keladi, psixologlarga ham talab pasayib ketadi, degandi o‘shanda.

“Bundan xulosa qilishimiz kerak. „Mening maktabimda jinoyat bo‘lmaydi“ deb hech kim kafolat bera olmaydi. Qo‘lda telefon degan balo bor ekan, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Telefon o‘quvchilarni buzyapti deb, takliflar berasizlar. O‘zimizni ham buzmayaptimi mabodo? Ular o‘zimizni ham buzyapti”, — degan u.

Yig‘ilishda Zoyir Mirzayev ota-onalar bilan kelishilgan holda “Telefonsiz maktab” tashabbusi bilan chiqqan maktabga rag‘batlantirish tariqasida 300 million so‘m berishini aytgan edi.

Qaytadan Amerika ochishga ne hojat?

Telefon hammani buzadi, degan fikr ortidan ushbu tashabbus kelib chiqdi va tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan maktabga 300 million so‘m beriladigan bo‘ldi. Darhaqiqat, dars paytida telefondan foydalanish o‘quvchining diqqatini chalg‘itadi, bilim olishiga halal beradi. O‘z navbatida o‘qituvchilar ham qo‘l telefoniga chalg‘ib qolishlari mumkin. Shu sababdan ham 2012-yilda qabul qilingan “Ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi qaror ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, ta’lim muassasalarida tadbir va o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin o‘quvchilar telefonini o‘chirib qo‘yishi va uni portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qo‘yishi shart.

O‘quv mashg‘ulotlari vaqtida esa telefon orqali so‘zlashish, SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo‘natish, telefonni stol ustiga qo‘yish, musiqa tinglash, quloqchin ishlatish va boshqa turli vazifalar uchun ham telefon ishlatish mumkin emas.

Faqatgina zarur holatlardagina o‘quvchiga dars vaqti uydagilari bilan gaplashib olishiga ruxsat beriladi. Agar o‘quvchi darsda telefon ishlatsa, ularga ogohlantirish berilishi, kundaligiga bu haqida yozilishi (qaror 2012-yilgi, hozir o‘quvchilarga kundalik tutish majburiy emas), ota-onasi maktabga chaqirtirilishi mumkin.

Ko‘rib turganingizdek, qarorda barchasi belgilab qo‘yilgan, tom ma’noda o‘quvchilar maktabga telefon olib kelish va tartibni buzmagan holda undan foydalanish huquqiga ega. Nega endi viloyat hokimining shaxsiy fikri, o‘qituvchilar xohishi, ana boringki, ota-ona qo‘llab-quvvatlovi bilan o‘quvchi bu huquqidan mahrum bo‘lishi kerak? Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tish kerak, bolasining telefon ishlatishidan norozi ota-ona unga buni olib bermaydi. Olib berdi va maktabga olib borishga ruxsat berdimi, demak, arzigulik sabab bor. Farzandi maktabga telefon olib keldi va tartib-qoidalarga rioya qilmagan bo‘lsa, qonunchilikda belgilangan tartibda javob berishi kerak va masala hal. Buning uchun alohida tashabbuslar, millionlab pul ajratish yoki qaytadan Amerika kashf etish shart emas, albatta. Qolaversa, o‘qituvchilar uchun ham bu kabi tashabbuslar bir qancha noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

300 million so‘m kimning cho‘ntagidan ketdi?

Toshkent viloyati hokimligining Telegram kanalida joylangan xabarda hokim bu mablag‘larni kimning hisobidan ajratgani haqida ma’lumot bermagan. Agar yuqoridagi maktabga pul hokimning o‘z cho‘ntagidan ajratilgan bo‘lsa, tasanno, tanqidga o‘rin yo‘q. Ammo davlat byudjetidan ajratilgan bo‘lsa, bir qancha savollar tug‘iladi.

Mahalliy byudjetlarning mablag‘lari hududiy taraqqiyotning moliyaviy manbalaridan biridir. Demak, bu mablag‘lar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fan, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, ijtimoiy ta’minot, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning maqsadli dasturlari va tadbirlarini amalga oshirish uchun sarflanishi lozim.

Yuqoridagi kabi tashabbusbozlik esa, nafaqat foydasiz, balki bugungi zamonaviy dunyoga mutlaq teskari ham. Ushbu tashabbus ta’lim sifatini yaxshilash, uning sifatini zamonaviy dunyo bilan tenglashtirish, ta’limga eng so‘nggi darajadagi yangiliklarni joriy qilishga emas, aksincha, ulardan yiroqlashish, konservativ fikrlash namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zining bahsli xarakteri va noodatiy jazo choralari bilan tez-tez tilga tushib turadigan Zoyir Mirzayevning ushbu tashabbusi xalqning kelajagini yaratishi kerak bo‘lgan bo‘lsa-da, aksincha, uning yuziga yostiq bosib, bo‘g‘ayotgani ayon holatdir. Aslida, shu byudjetni “Taskin” xospisi kabi o‘z hududidagi ijtimoiy muassasalarga yo‘naltirsa, ham foydali, ham o‘rinli ish bo‘lardi.


“Taskin” xospisi haqidagi materialni bu yerda o‘qing

 

Теги :
Жамият
Иқтисодиёт