Umrni uzaytiruvchi dori: Keksayishni kechiktirish mumkinmi?
Duke universiteti olimlari umrni 25 foizga uzaytiruvchi tabletka yaratishdi. Preparat qarishni keltirib chiqaradigan oqsilga qarshi kurashadi.
3 daqiqa o‘qiladi

Duke universiteti olimlari umrni 25 foizga uzaytiruvchi tabletka yaratishdi. Preparat qarishni keltirib chiqaradigan oqsilga qarshi kurashadi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Keksayishni kechiktiramiz
Uzoq umr ko‘rishga qiziqish insoniyat tarixidan beri bor. Hatto hozir ham aktual mavzulardan biri. Hozirda keksayishni kechiktirish bo‘yicha tadqiqotlar rivojlanmoqda: olimlar qarishning molekulyar jarayonlarini aniqlash va boshqarishga harakat qilmoqdalar.
Ushbu tajriba birinchi bo‘lib sichqonlarda sinovdan o‘tkazildi. Quyidagi suratda Interleukin-11 to‘xtatib qo‘yilgan sichqon (chapda) va odatiy ravishda qarigan sichqon (o‘ngda) o‘rtasidagi farqni ko‘rish mumkin.

Uning yordamida kemiruvchilar saraton kasalligiga chalinish ehtimoli kamroq bo‘lgan, mushaklari va mo‘ynalarining holati yaxshilangan. Hozirda preparat odamlarda sinovdan o‘tkazilmoqda, ammo uning qarishga qarshi ta’siri bor yoki yo‘qligi hali noma’lum.
Qarishni sekinlashtirishga birgina oqsilni yo‘q qilish orqali erishsa bo‘ladimi?
MRC Tibbiyot Ilmiy Tadqiqotlar Laboratoriyasi, Imperial Kollej London va Singapurdagi Duke-NUS Tibbiyot Maktabi jamoasi birgalikda interleukin-11 (qarish oqsili) deb nomlangan oqsilni o‘rgandi.
Bu oqsilning inson tanasidagi darajasi yosh o‘tgan sari oshib boradi va yallig‘lanishning kuchayishiga hissa qo‘shadi. Qarish jarayonida yallig‘lanishning oshishi turli kasalliklarning, jumladan, saraton, yurak-qon tomir kasalliklari va asab tizimi kasalliklarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Tajriba tafsilotlari
Tadqiqotchilar ikki tajriba o‘tkazishdi.
• Birinchi tajribada sichqonlarning genlariga dori yuborib, ularda interleukin-11 ishlab chiqarishni sun’iy ravishda to‘xtatib qo‘yishdi
• Ikkinchi tajribada sichqonlar 75 haftalik bo‘lgunga qadar (bunda ular taxminan 55 yoshli odamga teng) kutildi va keyin muntazam ravishda ularning tanasidan interleukin-11 ni tozalaydigan dori berildi.
Nature jurnalida chop etilgan natijalarga qaraganda, sichqonlarning jinsiga va tajribaga qarab ularning umri 20-25% ga oshganligi ma’lum bo‘ldi. Qari sichqonlar, odatda, saratondan o‘ladi, ammo interleukin-11 oqsili kesilgan "jajji qahramonlarimiz"da saratonning ehtimoli ancha past edi. Kemiruvchilar ancha sog‘lomlashgan, mushaklari va mo‘ynalarining holati yaxshilangan.
Olim preparatning ishonchliligini ko‘rsatish uchun o‘zida sinab ko‘rishga ham tayyor
Jurnalistlar tadqiqotchilardan biri, professor S. Kukka bu tadqiqotning haqiqatga mos kelmasligi to‘g‘risida savol bilan murojaat qilganda, u: “Bu ilmiy-fantastikadan yiroq, sichqonlar bilan o‘tkazilgan tajribada o‘zim guvoh bo‘ldim va uning muvaffaqiyati hozircha bu boradagi eng katta faktordir," - deya javob bergan. U ushbu tajribani odamlarda ham sinovdan o‘tkazishga arziydi deb o‘ylashini va agar samara bersa, ta’siri “misli ko‘rilmagan” bo‘ladi deb hisoblashi, tajribani sinashga ko‘ngilli topilmagan taqdirda professorning o‘zi ham uni qabul qilishga tayyorligini bildirgan.
Interleukin-11ning inson rivojlanishidagi o‘rni beqiyos
Interleukin-11 inson tanasida erta rivojlanish davrida ijobiy rol o‘ynaydi. Odam kamdan-kam holatdagina bu oqsilni ishlab chiqara olmaydigan bo‘lib tug‘iladi. Inson hayotining ilk davrlaridan to ulg‘ayguncha In-11 suyaklarning bosh suyagidagi birikishini ta’minlaydi, yallig‘lanish jarayonlarini boshqarishda ishtirok etadi, oqsil ichakning shikastlangan qismlarini tiklashga yordam beradi va hatto tishlarning o‘sishida ham rol o‘ynaydi.
Tadqiqotchilarning fikricha, hayotning keyingi bosqichlarida, interleukin-11 aks ta’sirlar ko‘rsata boshlaydi, keksayishning qo‘zg‘alish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.
Preparat bemorlarda sinab ko‘rilmoqda
Hozirda ushbu yangi preparat o‘pka chandig‘i (o‘pka fibrozi) bilan og‘rigan bemorlarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Professor Kuk sinovlar tugallanmaganini, ammo dori qabul qilish uchun xavfsiz ekanligini ta’kidladi.
— Bu tadqiqot qarishni yaxshiroq tushunish yo‘lida muhim qadamdir, — deydi Duke-Nus tibbiyot maktabi professori A. Vidjaja. — Ushbu potensial “yosharish eliksiri” odamlarda ham samarali natija ko‘rsatishiga ishonamiz.



