Immunitet pastligi xavfli, haddan ziyod yuqoriligigi ham
Immunitet zaiflashishi — salomatligimiz uchun katta xavf. Bunda organizmning turli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati susayadi. Ammo haddan tashqari faol immunitet ham sog‘lik uchun jiddiy muammo!
2 daqiqa o‘qiladi

Immunitet zaiflashishi — salomatligimiz uchun katta xavf. Bunda organizmning turli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati susayadi. Ammo haddan tashqari faol immunitet ham sog‘lik uchun jiddiy muammo!
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova shu mavzudagi xulosalarini allergik kasalliklar bilan bog‘lagan holda bayon qildi.
Autoimmun xastaliklar
— Autoimmun xastaliklar immun tizimi faoliyati izdan chiqishi tufayli yuzaga keladi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor I.Razikova. — Ushbu patologiyada tananing himoya qobiliyati shunchalar tajovuzkor bo‘ladiki, immunitetimiz virus va bakteriyalar o‘rniga, o‘z organizmimizga qarshi kurashishga kirishadi.
Oʻz hujayralarini dushmanday qabul qiladi
Ya’ni tana o‘z hujayralarini dushmanday qabul qilib, ularni yo‘q qiluvchi antitanalar ishlab chiqara boshlaydi. Shu tariqa ichki a’zolarimizda yallig‘lanish jarayoni kechadi. Eng yomoni, yallig‘lanish qanchalik kuchaysa, immunitet tizimidagi "qotil hujayra"larning sog‘lom to‘qima va organlarga "hujumi" shu qadar zo‘rayadi.
Qanday kasalliklar kelib chiqishiga sabab boʻladi?
Bu esa bora-bora psoriaz, revmatoid artrit, tarqoq skleroz, yarali kolit, qandli diabetning 2-turi, sklerodermiya, vaskulit kabi qator autoimmun kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
Ayollarda erkaklarga qaraganda 10 marta koʻp
Bunday patologiyalarning paydo bo‘lish omillari haqida turli xulosa va yondashuvlar mavjud. Masalan, ba’zi autoimmun xastaliklar, xususan, qizil volchanka yosh ayollarda erkaklarga qaraganda 10 marta ko‘p uchraydi.
Ayrim shunday kasalliklar esa bir oila a’zolarida genlarning to‘satdan mutatsiyasi tufayli paydo bo‘ladi yoki irsiyat orqali uzatiladi.
Tashqi omillar
Qolaversa, qator tashqi omillar — quyosh nurlari, kimyoviy moddalar singari allergenlar hamda virus va bakteriyalar autoimmun jarayonining rivojlanishiga moyillik yaratadi.
Allergik kasalliklarning 30-40 foiziga sabab
O‘rganishlarga ko‘ra, allergik kasalliklarning taxminan 30-40 foizi autoimmun reaksiyalar bilan bog‘liq. Bunda funksional autoantitanalar semiz hujayralar va bazofillarning faollashishiga, gistamin hamda boshqa yallig‘lanishga qarshi moddalar hosil bo‘lishiga olib keladi.
Davolash
Odatda kasallik qo‘zg‘almasligi uchun immunitet tizimini bloklovchi dori-darmonlardan foydalaniladi. Ammo bu preparatlar, o‘z navbatida, insonning infeksiyalarga qarshi himoya qobiliyatini zaiflashtirishi mumkin.



