Sovuq kunlarda shamollamaslik uchun nima qilish kerak?
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab biroz sovuq havo kuzatilmoqda. Bunday harorat esa shamollash bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish ehtimolini birmuncha oshiradi.
3 daqiqa o‘qiladi

Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiyev qish kunlarida mavsumiy xastaliklardan saqlanish bo‘yicha kerakli tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Tananing himoya tizimi susayadi
Inson organizmi turli kasalliklarga qarshi kurashishi uchun uning immuniteti mustahkam bo‘lishi kerak, — deydi mutaxassis. — Biroq qish faslida aksariyat kishilarda tananing himoya tizimi biroz susayadi. Natijada shamollash bilan bog‘liq kasalliklar biroz ortadi.
Eng birinchi – gigiyena
Shu bois, sovuq havoda, eng birinchi navbatda, gigiyena qoidalariga rioya etish maqsadga muvofiq. Buning uchun ko‘chadan kelganda albatta qo‘llarni sovunlab yuvish shart.
Sovuq va quruq havo viruslar uchun qulay
Bilamizki, viruslar sovuq va quruq havoda faollashadi. To‘g‘ri, qish fasli atmosferada namlik nisbatan yuqori bo‘ladi. Biroq xonalar isitilishi sababli havo quruqlashadi. Shu bilan birga, patogenlar toza havoni yoqtirmaydi. Ammo sovuq kunlarda eshik va derazalar zich yopilib, xonalar havosi tez-tez almashtirilmaydi.
Odamlar asosiy vaqtini issiq sharoitda, bir necha kishi yoki ko‘pchilik bir joyda jamlanib o‘tkazadi. Bu esa infeksiyalarning avj olishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Shu bois binolarni tez-tez shamollatish kerak.
D vitaminiga ehtiyoj
Shuningdek, D vitamini immunitet tizimining me’yoriy ishlashi uchun muhim element hisoblanib, qish faslida quyoshli kunlar kam bo‘lishi bois organizm bu moddani mustaqil ishlab chiqarishi pasayadi. Natijada tananing mazkur darmondoriga ehtiyoji ortadi.
Shu sababli qishda to‘g‘ri ovqatlanish, ayniqsa, tarkibida S va D vitamini bor yeguliklar (baliq, jigar go‘shti, sut mahsulotlari, tuxum, mandarin, kivi, qorag‘at (smorodina), quritilgan anjir, limon, malina kabi mevalar, petrushka, o‘simlik yog‘i va tabiiy apelsin sharbati)ni ko‘proq iste’mol qilish lozim. Kunlik taomnomaga oqsilga boy oziq-ovqatlar (dukkakli mahsulotlar, yormalar, mol va parranda go‘shti)ni kiritish maqsadga muvofiq.
Shamollashning samarali profilaktikasi
Qolaversa, vitaminlar shamollashning samarali profilaktikasi hisoblanadi. Ular immunitet tizimini mustahkamlash va viruslarga qarshi turish uchun juda muhim. Masalan, B vitaminlari (B1, B2, B6, B12) leykositlar faolligini kuchaytiradi. Bu o‘z navbatida tananing sovuqqa chidamliligini oshiradi. Shu bois tarkibida ushbu vitaminlar ko‘p bo‘lgan go‘sht, baliq, jigar, dukkaklilar, asal va yong‘oq kabi mahsulotlarni yeyish tavsiya etiladi.
Ob-havoga mos kiyinish kerak
Bundan tashqari, sovuq paytda ob-havoga mos kiyinish kerak. Birinchi navbatda, sharf taqishni unutmaslik zarur. Boisi u bo‘yindagi qon tomirlarini issiq saqlab, miyaga issiqlik yetib borishini ta’minlaydi. Turar-joy va ofislar hamda jamoat binolarida esa harorat rejimiga rioya qilish lozim.
Kamharakatlik
Yana bir jihat shuki, aksariyat insonlar sovuq payti kamharakat bo‘lib qoladi. Bu esa immun tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aslida qish payti jismoniy harakatni ko‘paytirish orqali tanani chiniqtirish juda muhim.



