Yovvoyi hayvonlarni uy sharoitida va sirklarda saqlash taqiqlanadi
Ularni reabilitatsiya markazlariga topshirish muhokama qilindi.
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan, sirk va shapitolarda saqlanadigan yovvoyi hayvonlar reabilitatsiya markazlariga o‘tkaziladi. Bu haqda 19-sentabr kuni prezidentga taqdimotda muhokama qilindi.
Yovvoyi hayvonlar reabilitatsiya markazlariga topshiriladi
Yig‘ilishda bunday hayvonlarni xonadonlarda saqlash qonun bilan tartibga solinmagani ta’kidlandi.
Endi yovvoyi hayvonlarni uy sharoitida, sirk va shapitolarda saqlash hamda tomoshalarda foydalanish taqiqlanadi. Jismoniy shaxslar ixtiyoridagi hamda sirklarda saqlanuvchi bunday jonzotlar hayvonot bog‘laridagi reabilitatsiya markazlariga, okeanariumlar, pitomnik va ilmiy-tadqiqot muassasalariga topshirilishi belgilanmoqda.
“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun
2023-yil sentabrida prezident farmoni bilan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga fuqarolarga yovvoyi hayvonlarning ayrim turlarini yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlashni taqiqlovchi o‘zgartishlar kiritilgandi.
Uy sharoitida saqlash taqiqlangan hayvonlarning ro‘yxati
Uy sharoitida saqlash taqiqlangan hayvonlarning ro‘yxati, shuningdek, ularni yuridik shaxslar (tashkilotlar) tomonidan saqlash tartibi hukumat tomonidan belgilanadi.
Ro‘yxatga yovvoyi hayvonlarning 66 dan ortiq turi, jumladan, hasharotlar, baliqlar, zaharli ilonlar, ayiqlar oilasining barcha kenja turlari, yo‘lbarslar, timsohlar, lochinlar, yovvoyi mushuklar, bo‘rilar, shoqollar, tulkilar, orangutanlar, shimpanzelar va boshqalar kiritilishi rejalashtirilgan edi.



