$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

JSST hantavirus xavfidan ogohlantirdi: Bu qanday kasallik?

hantavirus

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hantavirus bilan kasallanish holatlari ortishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, Niderlandiyada esa ikkita yangi tasdiqlangan holat haqida xabar berildi. Bu haqda kecha, 7-may kuni JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyesus Jenevadagi matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Bu pandemiyaning boshlanishimi?

“Hantavirus bilan bog‘liq beshta holat tasdiqlandi, yana uchtasi tekshirilmoqda. Ular orasida kruiz laynerining vafot etgan yo‘lovchilari ham bor. Andes virusi (layner yo‘lovchilarida tasdiqlangan variant) uchun inkubatsiya davri olti haftagacha davom etishini hisobga olsak, kasallanish holatlari yana ko‘payishi mumkin”, deydi u.

Uning bayonotidan ko‘p o‘tmay, Niderlandiyada MV Hondius kruiz layneridan evakuatsiya qilingan yana ikki kishida hantavirus tashxisi tasdiqlangani ma’lum bo‘ldi.

“Bu pandemiyaning boshlanishi emas”, deydi JSSTning epidemiya va pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish va ularning oldini olish bo‘limi direktori Mariya van Kerkxove.

Tashkilotning hisoblashicha, vahima qilishga asos yo‘q va hozirgi vaziyat olti yil oldingi koronavirus pandemiyasi davridagi holatdan farq qiladi.

Bu qanday kasallik?

AQShning Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi ma'lumotiga ko‘ra, hantavirus oilasiga kiruvchi viruslar asosan kemiruvchilar orasida tarqalgan bo‘lib, odamga yuqqanida bir necha xil kasallikni keltirib chiqaradi.

Inson uni faqatgina kemiruvchi bilan kontaktda bo‘lib, uning siydigi, axlati va so‘lagi orqali, kam hollarda esa kemiruvchi tishlab olishi oqibatida yuqtirishi mumkin.

Virus o‘z tashuvchisi – kemiruvchida kasallik keltirib chiqarmaydi. Odamga yuqqanida esa ikki xil sindrom rivojlanishi mumkin: hantavirus o‘pka kasalligi (1) yoki buyrak yetishmovchiligi bilan kechuvchi gemorragik isitma.

Birinchi holatda kasallik isitma, holsizlik, mushaklarda og‘riq bilan boshlanib, ba'zi hollarda bosh og‘rishi, bosh aylanishi va titroqqa sabab bo‘ladi. Davolanmagan taqdirda yo‘tal va nafas yetishmovchiligi bilan 38 foizgacha holatda o‘limga sabab bo‘ladi.

Ikkinchi shakl sindrom ham shunga o‘xshash simptomlar bilan boshlanib, qon bosimining tushib ketishi, kuchli shok holati va o‘tkir buyrak yetishmovchiligini chaqirishi mumkin.

Profilaktika

Kasallikka qarshi effektiv dori vositasi yo‘q, simptomatik davo va immunitetni oshirishga qaratilgan choralar ko‘riladi.

Hantavirus tarqalishiga qarshi asosiy chora – kemiruvchilar populyatsiyasi ko‘payib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Shuningdek, omborxona va garaj kabi yopiq joylarda sichqon va kalamushlarga qarshi kurashish muhim. Bu kabi joylarga kirgan kishi kemiruvchining axlati changini yutishi oqibatida zararlanishi mumkin.

Tarixi

1950-1953-yillardagi Koreya urushi vaqtida koreyalik va amerikalik askarlarning 3 mingdan ortig‘i bu virusdan zararlanib, ulardan 10 foizi vafot etgan. Buning sababi oradan chorak asr o‘tganidan keyin aniqlanib, kasallikni dala sichqonlari tarqatgani ma'lum bo‘lgan.

1993-yili AQShning to‘rtta shtatida hantavirusdan zararlanishning 20dan ortiq holati qayd etilib, 12 kishi vafot etgan.

Virus Avstraliyadan tashqari barcha qit'alarda qayd etilgan. 1995-2017-yillar oralig‘ida AQShda 728ta holat, Rossiyada 2006-yilning o‘zida 7197ta holat qayd etilgan.

Hantavirus nomi Janubiy Koreyadagi Hantan daryosi nomidan olingan. Hantaviruslar oilasi o‘nlab viruslarni o‘z ichiga oladi.

Теги :
Jamiyat