Yakshanba, 25-oktabr, 2026
Havo 76 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +6° kechasi +6°

XXI asr odamining doimiy “hamrohi” aksariyat kasalliklarning asl sababimi?

JSST ma’lumotlariga koʻra, bu insoniyat hayotiga tahdid soluvchi besh asosiy xavfli omildan biridir.

3 daqiqa o‘qiladi

XXI asr odamining doimiy “hamrohi” aksariyat kasalliklarning asl sababimi?

JSST ma’lumotlariga koʻra, stress insoniyat hayotiga tahdid soluvchi besh asosiy xavfli omildan biridir. Ruhiy zoʻriqish, ortiqcha asabiylashish va depressiya koʻplab kasalliklarni keltirib chiqarishi sir emas. Xoʻsh, stress paydo boʻlishining sababi oʻzi nimada? Bunda inson organizmida qanday mexanizmlar ishga tushadi? Uning oldini olish mumkinmi?

Stress – bu ruhiy holatmi yoki fiziologik? U nima sababdan kelib chiqadi?

Stress – inson organizmining oʻzi uchun xavf deb hisoblagan tashqi omillarga nisbatan tabiiy himoya reaksiyasi. Stressni, jumladan ruhiy va jismoniy zoʻriqish, salomatlik, oila, ishdagi muammolar, nosogʻlom turmush tarzi keltirib chiqarib, organizmda muvozanatni buzadi. Deylik, kecha odatdagidan kechroq uxlaganingiz tufayli bugun kun davomida oʻzingizni holsiz his qilyapsiz – bu stress. Yoki biror kasallika shubha qilib, shifoxonada tegishli tekshiruvlardan oʻtdingiz. Natijalarni kutar ekansiz, beixtiyor “Tahlillarimning javobi yomon chiqsa-chi?”, degan salbiy oʻy-xayollarga borasiz – bu ham stress. Yana bir misol: tasavvur qiling, ortingizdan it quvlayapti yoki shunchaki shu holat yuz berishi mumkinligini oʻylaganingiz tufayli sizni birdan vahima, qoʻrquv bosdi – ikkala holatda ham organizmda bir xil oʻzgarishlar yuz beradi. Aslida har qanday hodisa, xoh u hayotingizdagi eng quvonchli onlardan biri boʻlsin, xoh ortingizdan it quvlasin, organizmda stress bilan boshlanadi.

Stress paydo boʻlishining asosiy sababi

Stress paydo boʻlishiga sabab boʻladigan asosiy omillardan biri noaniqlikdir. Bu ikki jihat bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Masalan, kelajakda sizni nimalar kutayotgani noma’lum va bu sizni tashvishga soladi. Bu ham stress paydo boʻlishiga olib keladi. Qisqa qilib aytganda, sizga aloqador boʻlgan voqelikni boshqara olmasangiz, uning qanday yakun topishi noaniq boʻlsa, miya turli ssenariylarni tahlil qilib, organizmda stress zanjirini ishga tushiradi. 

Stress paytida inson organizmida nimalar yuz beradi?

Bu holatda qanday oʻzgarishlar roʻy berishini toʻliq tushinish uchun asab tizimining ayrim jihatlariga toʻxtalib oʻtish lozim. Asab tizimi ikki asosiy qismga boʻlinadi – markaziy va periferik. Periferik asab tizimi, oʻz navbatida, yana ikkiga boʻlinadi – somatik va vegetativ. Birinchisini toʻliq boshqarishimiz mumkin. Masalan, qoʻlingizni koʻtarmoqchi boʻlsangiz yoki boshqa xatti-harakatni amalga oshirmoqchi boʻlsangiz, somatik asab tizimi miyaga tegishli impuls yuboradi. 

Vegetativ asab tizimi esa avtomatik ravishda ishlaydi, uni boshqara olmaymiz. U organlarning ishlashini ta’minlash, gomeostaz, ya’ni organizmning ichki muvozanatini saqlash, insonning atrof-muhitdagi oʻzgarishlarga moslashishiga javob beradi. Stressni ham aynan shu tizim ishga tushiradi. Bunda stress gormoni, ya'ni kortizol va adrenalin ishlab chiqariladi. Stress his qilayotgan inson, eng avvalo, ehtimoliy xavf darajasini baholaydi. Unda yurak urishi tezlashadi, qon bosimi koʻtariladi, bronxlar kengayib, ovqat hazm qilinishi sekinlashadi, inson koʻp terlaydi, diqqat kuchayadi.