Yakshanba, 25-oktabr, 2026
Havo 76 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +7° kechasi +6°

O‘zbekiston va Ozarbayjon Yevropaga “yashil” energiya eksport qilish bo‘yicha loyihani tezlashtirmoqchi

Ikki mamlakat yetakchilari yashil energiyani Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib olishdi.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Ozarbayjon Yevropaga “yashil” energiya eksport qilish bo‘yicha loyihani tezlashtirmoqchi

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘tkazilgan muzokaralar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

Ittifoqchilik munosabatlari asosi

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi asosiy natijalaridan biri sifatida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani alohida qayd etdi. Bu, O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi sahifa ochilganini anglatadi va tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni har taraflama rivojlantirishga qat’iy sodiqligini tasdiqlaydi.

Ozarbayjondagi o‘zgarishlar

Davlat rahbari qardosh mamlakatda iqtisodiyot, sanoat jadal rivojlanib, aholi turmush darajasi yaxshilanayotganini ta’kidladi. Ilhom Aliyevni Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklangani va azaliy Ozarbayjon yerlari qaytarilgani bilan yana bir bor muborakbod etdi.

Ijtimoiy infratuzilma va ishlab chiqarish obyektlari faol qurilayotgan Qorabog‘ qayta tiklanayotganiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Ozarbayjonni bu oliyjanob ishda bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan kelgusi yilni O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiya yili deb e’lon qilish hamda 20 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha dastur qabul qilishga ahdlashildi.

Uchinchi mamlakatlardagi istiqbolli loyihalarda birgalikda ishtirok etish bo‘yicha ishlanmalar mavjudligi aytildi. Shu ma’noda, bunday loyihalarni ilgari surish maqsadida tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.

Transport masalasi

Transport bog‘liqligini, shu jumladan, Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchilar “yashil” energiya ishlab chiqarish va uni Ozarbayjon orqali Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha keng ko‘lamli mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib oldilar.

Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida bu bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi, shuningdek, Qo‘qon shahrida navbatdagi hududlar forumi o‘tkaziladi.