Oʻzbekistonning Yaqin Sharq siyosati: Ziddiyatlar fonidagi hamkorlik
Yaqin Sharq mintaqasi uzoq yillardan buyon dunyo siyosatining eng murakkab va ziddiyatli nuqtalaridan biri boʻlib kelmoqda.
4 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharq mintaqasi uzoq yillardan buyon dunyo siyosatining eng murakkab va ziddiyatli nuqtalaridan biri boʻlib kelmoqda. Eron va Gʻarb oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar, Falastin-Isroil mojarosi, Suriya va Yamandagi qurolli toʻqnashuvlar hamda Iroqdagi xavfsizlik muammolari diplomatik aloqalarni yanada murakkablashtirmoqda. Bunday sharoitda dunyoning koʻplab davlatlari ushbu mamlakatlar bilan munosabatlarni ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish zarurati tugʻiladi.
Mustaqillik yillaridan buyon Oʻzbekiston ham Yaqin Sharq davlatlari bilan oʻzaro manfaatlarga asoslangan aloqalarni rivojlantirishga intilmoqda. Mamlakat tashqi siyosatining asosiy tamoyillari sifatida suverenitetni hurmat qilish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etishni qoʻllab-quvvatlashni belgilagan. Shu sababli Toshkent mintaqadagi ziddiyatlarda tarafkash boʻlishdan koʻra, muvozanatli va pragmatik yondashuvni afzal koʻradi.
Ushbu maqolada Oʻzbekistonning ziddiyatlar mavjud boʻlgan islom davlatlari – Eron, Iroq, Falastin, Suriya va Yaman bilan munosabatlari, ularning bugungi holati hamda istiqbollari tahlil qilinadi.
Oʻzbekiston – Eron munosabatlari
Oʻzbekiston Eron bilan munosabatlarni 1992-yilda oʻrnatgan va u eng faol hamda chuqur aloqalardan biri sifatida koʻriladi. Ikki mamlakat oʻrtasida transportkommunikatsiya, neft-kimyo, bank, bojxona, farmatsevtika, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va giyohvand moddalarning noqonuniy tarqatilishiga qarshi kurash sohalarida keng hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. 2025-yildagi ma’lumotlar ikki davlat oʻrtasida 50 dan ortiq shartnomaviy-huquqiy hujjatlar mavjudligini koʻrsatgan. Oʻzbekistonda Eron sarmoyasi ishtirokida tashkil qilingan 53 ta korxona faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston dengiz yoʻllariga chiqish uchun Eronning Chabahor va Bandar-Abbos portlaridan tranzit sifatida foydalanishga manfaatdor. Hukumatlar oʻrtasida “yoʻl xaritalar” imzolangan. Eron atrofidagi murakkab vaziyatlarda Oʻzbekiston betaraflik pozitsiyasini saqlaydi va muammolarga murosa yordamida yechim topish tarafdori. 2026-yil mart oyida mamlakatimiz Eron xalqiga gumanitar yordam joʻnatgan.
“Insonparvarlik fojiasi”
Oʻzbekiston va Falastin oʻrtasidagi munosabatlar 1994-yilda oʻrnatilgan. Joriy yilning yanvar oyida Oʻzbekistonda Falastinning yangi elchisi etib Vaill Ahmed Battrexi tayinlandi. Toshkent ushbu davlat atrofidagi nizoning yagona yechimi sifatida Falastin xalqining oʻz davlatiga ega boʻlish huquqini qoʻllab-quvvatlaydi. Xususan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2025-yilgi bayonotida “Albatta, zoʻravonlikni toʻliq toʻxtatish va tinchlik jarayonini boshlash kerak. Gʻazo fojiasi haligacha hal qilinmagan Isroil-Falastin ziddiyatining ayanchli oqibatlaridir. Barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun, albatta, mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart”, - degan edi. Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi 2025-yil yakunlarida Oʻzbekiston Gʻazo vaziyatini insonparvarlik fojiasi sifatida baholashini, tinch aholiga qarshi zoʻravonlikni qoralashini va ziddiyatlarni siyosiy-diplomatik yoʻl bilan hal etishni qoʻllab-quvvatlashini aytgan.
Oʻzbekiston davlati Gʻazo sektori aholisiga va BMTning Qochqinlarga yordam koʻrsatish agentligiga moliyaviy va gumanitar yordam ajratib kelmoqda. Shuningdek, 2025-yil 100 nafar falastinlik bemorlarni davolash uchun Oʻzbekistonga olib kelingan va ularga har tomonlama yordam koʻsatish uchun Prezident tomonidan maxsus Farmon qabul qilingan.
Falastindagi ziddiyatlarga qaramasdan, mamlakatdagi tibbiyot va ta’lim sohalari ancha rivojlangan. Oʻzbekistonning shu sohalardagi hamkorligi va ijtimoiy yordami doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi.
Oʻzbekiston va Suriya aloqalari
Oʻzbekiston Suriya bilan 1992-yil diplomatik aloqalarni oʻrnatgan ammo hamkorlik minimal darajada. Oʻzbekiston Suriya hududidagi mojarolarni faqatgina BMT shafeligida, tinchlik muzokaralari orqali hal etish lozimligini taʼkidlaydi. Oʻzbekiston Suriyada qochqinlar lageridagi oʻzbeklarni vatanga qaytarishga qaratilgan „Mehr“ operatsiyalarini amalga oshirilgan. Operatsiya doirasida 530 dan ortiq vatandoshlarimiz olib kelingan.
Munosabatlar tiklanishi
Oʻzbekiston Iroq bilan munosabatlarni 1993-yilda oʻrnatgan uzoq yillik ichki urushlar va terrorizm sababli aloqalar muzlatilgan boʻlsa-da, 2025-yildan boshlab faol rivojlana boshlandi. Savdo aylanmasi oʻsib, ilk marta investitsiya va biznes forumlari oʻtkazildi.
Kelajakda Oʻzbekiston Iroqning toʻqimachilik va qishloq xoʻjalik mahsulotlari uchun yangi eksport bozori boʻla oladi. Bundan tashqari, urushdan soʻnggi tiklanish jarayonlarida qurilish va infratuzilma loyihalarida ishtirok etishi ikki taraflama manfaatga asos boʻlishi mumkin,
Oʻzbekiston – Yaman munosabatlari
Yaman mamlakati bilan iqtisodiy aloqalar 1992-yilda oʻrnatilgan. Aloqalar asosan xalqaro tashkilotlar — BMT va Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) doirasidagi rasmiyatchilik bilan cheklangan. Oʻzbekiston Yamandagi gumanitar inqirozdan xavotirda ekanini bildirib, mamlakatda qonuniy hokimiyat va barqarorlik oʻrnatilishi tarafdori.
Oʻzbekiston Qizil dengiz orqali savdo yoʻllarining ahamiyati sabab geoiqtisodiy jihatdan manfaatdor.



