$
 12190.43
49.05
 14362.76
49.29
 162.09
1.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Haj – 2026: Qat’iy cheklovlar, 26 000 dollargacha jarima va Makka shahriga kirishning yangi tartiblari

Haj

Saudiya Arabistoni millionlab ziyoratchilar oqimi kutilayotgan Haj – 2026 mavsumiga tayyorgarlikni boshlab yubordi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yilgi Qurbon hayiti 26–27-may kunlariga to‘g‘ri keladi. Aynan shu kunlarda dunyoning turli burchaklaridan kelgan musulmonlar islomning besh farzidan biri bo‘lmish Haj amallarini bajarish uchun Makka shahrida jam bo‘ladilar.

Makka shahriga kirish bo‘yicha cheklovlar

2026-yilning 13-aprelidan boshlab Saudiya Arabistoni Makka shahriga kirish bo‘yicha yangi tartiblarni joriy etdi. Haj mavsumi yakuniga qadar shaharga faqat quyidagi uch toifadagi shaxslar kiritiladi:

  • Amaldagi Haj ruxsatnomasiga ega bo‘lganlar;
  • Makka shahri rezidentlari (mahalliy aholi);
  • Shaharda ishlash uchun rasmiy ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslar.

Qolgan barcha shaxslar, viza turidan qat’i nazar, Makka shahriga qo‘yilmaydi. Umra vizasi bilan kelgan chet el fuqarolari esa 18-aprelga qadar mamlakatni tark etishlari shart.

Belgilangan jarimalar va jazolar

14-aprel kuni Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi 2026-yilning 18-aprelidan 31-mayiga qadar amal qiladigan sanksiyalarni e’lon qildi. Tegishli ruxsatnomasiz Haj amallarini bajarishga urinish uchun taxminan 20 ming saudiya riyoli (qariyb 5 300 AQSh dollari) miqdorida jarima belgilangan.

Noqonuniy ravishda Hajga kelmoqchi bo‘lgan shaxslarga viza rasmiylashtirganlik, shuningdek, ularga ko‘maklashganlik uchun har bir kishi boshi uchun 100 ming riyol (taxminan 26 ming AQSh dollari) miqdorida jarima qo‘llaniladi. Bunday shaxslarni tashigan yoki ularni turar joy bilan ta’minlaganlarga nisbatan ham xuddi shunday jazo choralari ko‘riladi.

Qonunbuzarlar mamlakatdan deportatsiya qilinadi va ularga 10 yil muddatga Saudiya Arabistoniga kirish taqiqlanadi. Noqonuniy ziyoratchilarni tashishda foydalanilgan transport vositalari esa sud qarori bilan musodara qilinishi mumkin. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili noqonuniy Hajga qarshi kurash doirasida 75 mingdan ortiq kishi ushlangan.

Ka’badagi tayyorgarlik ishlari

Ramazon oyi yakunlanishi bilan Ka’batullohni Haj mavsumiga tayyorlash bo‘yicha rejali ishlar boshlandi. Hozirda inshootni tozalash, konstruksiyalarni tekshirish, Kisva (Ka’ba yopinchig‘i)ni mustahkamlash va poydevorga texnik xizmat ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda. Ta’kidlash joizki, ushbu davrda Kisva almashtirilmaydi — 2022-yildan buyon yopinchiqni yangilash marosimi Haj yakunlangach, Muharram oyining birinchi kunida o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistondagi tayyorgarlik jarayoni

O‘zbekistonda Haj tadbirlari davlat nazorati ostida tashkil etilmoqda. 2026-yil uchun belgilangan kvota 15 ming kishini tashkil etadi. 13-aprel kuni Muftiy hazratlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda 300 dan ortiq guruh rahbarlari saralab olinib, ular uchun o‘quv seminarlari tashkil etildi. Shuningdek, ziyoratchilar turli firibgarlik holatlaridan ogohlantirilmoqda.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tish

2025-yilning noyabr oyidan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Haj ziyorati uchun onlayn tarzda — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki ixtisoslashgan https://www.haj-umra.gov.uz/login sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Haj – 2026 mavsumi qat’iy tartib-intizom ostida o‘tadi. Rasmiylar ommaviy ziyorat chog‘ida xavfsizlik va tartibni ta’minlash maqsadida cheklovlar va aniq sanksiyalarni oldindan joriy etmoqda.

Теги :
Jamiyat